Belarus delegatsiyasi Rishtonning kulolchilik salohiyati bilan tanishdi
2026-09-23 16:25:00 / Yangiliklar

Farg‘ona viloyatida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Belarus Respublikasining Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko boshchiligidagi delegatsiya Rishton tumanida bo‘lib, hududning boy kulolchilik an’analari, hunarmandchilik salohiyati va zamonaviy ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiyaning tumandagi ilk manzili “Mingboshi Keramik” oilaviy korxonasi hamda Kulolchilik muzeyi bo‘ldi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov hamrohligida mehmonlar majmua hududida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy bino va inshootlar, milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari hamda milliy bozor faoliyati bilan tanishdilar.
Tashrif davomida mehmonlarga Rishton kulolchilik maktabining ko‘p asrlik an’analari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hunarmandchilik sirlari hamda bugungi kunda sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Muzeyda yaratilgan sharoitlar, o‘ziga xos me’moriy yechimlar va milliy hunarmandchilik namunalari delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Tashrifning navbatdagi manzili tadbirkor Muhayyo Sattorova tomonidan tashkil etilgan “MM Porcelain” MChJ shaklidagi oilaviy korxona bo‘ldi.
Mehmonlar korxonada ishlab chiqarilayotgan chinni mahsulotlarini tayyorlash, bezash va qo‘lda ishlov berish jarayonlarini bevosita kuzatdilar. Ayniqsa, mahalliy ustalarning har bir mahsulotga o‘ziga xos did, nozik nafosat va yuksak mahorat bilan ishlov berayotgani Belarus delegatsiyasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishgan mehmonlar Rishtonlik kulol va ustalarning kasbiy mahoratini yuqori baholab, an’anaviy hunarmandchilikni zamonaviy ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish tajribasiga e’tibor qaratdilar.
Belarus delegatsiyasining Rishton tumanidagi so‘nggi manzili “Xalqaro kulolchilik markazi” bo‘ldi. Bu yerda mehmonlar markazda yaratilgan sharoitlar, Rishton kulolchilik maktabining tarixi va o‘ziga xos uslubi, zamonaviy ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda usta kulollar tomonidan yaratilayotgan noyob hunarmandchilik namunalari bilan tanishdilar.
Shuningdek, tashrif davomida Minsk shahrida Rishton kulolchilik markazi va savdo do‘konini tashkil etish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi. Mazkur tashabbus orqali Rishtonlik hunarmandlarning mahsulotlarini Belarus bozorida namoyish etish va sotish, shuningdek, ikki hudud o‘rtasidagi madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida kulolchilik va hunarmandchilik sohasida tajriba almashish, Rishton mahsulotlarini Belarusda targ‘ib qilish, savdo aloqalarini kengaytirish hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Rishtonning qadimiy kulolchilik an’analari, mahalliy ustalarning mahorati va zamonaviy ishlab chiqarish imkoniyatlari ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi yo‘nalishlarni shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.









