MUROJAATLARNING OLDINI OLISH VA MUAMMOLARNI MAHALLANING O‘ZIDA HAL ETISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-09-22 13:30:00 / Yangiliklar

Rishton tumani Madaniyat bo‘limida Yoshlar yetakchilari va mahalla yettiligi hamkorligida “Murojaatlarni oldini olish hamda mahallaning o‘zida hal etishda Quvasoy shahri va Bag‘dod tumani tajribasi” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Abduhoshim Abdullayev, viloyat, shahar va tumanlardan tashrif buyurgan mas’ullar hamda yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida aholi murojaatlarining kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganish, muammolarni barvaqt aniqlash va ularni mahallaning o‘zida hal etish, fuqarolar bilan manzilli va tizimli ishlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Yoshlar yetakchilari va mahalla yettiligi hamkorligini yanada kuchaytirish, har bir xonadon va oila bilan individual ishlash, aholining muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularning yechimini ta’minlash borasida fikr almashildi.
Seminarda Quvasoy shahri va Bag‘dod tumanida shakllangan amaliy tajriba misolida murojaatlarning oldini olish, mavjud muammolarni mahalla darajasida hal etish va aholi bilan samarali muloqot o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida ilg‘or tajribalarni boshqa hududlarda ham keng joriy etish, aholi bilan ochiq va manzilli muloqotni kuchaytirish hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.









