Birinchi qo‘ng‘iroq — yangi orzular sari ilk qadam!
2026-09-02 10:00:00 / Yangiliklar

Bugun Rishton tumanidagi barcha ta’lim maskanlarida 2026/2027-o‘quv yilining ilk qo‘ng‘irog‘i jarangladi. Maktablar o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalarning quvonchi bilan to‘ldi.
🎒 Ayniqsa, minglab jajji o‘g‘il-qizlar uchun bugun hayotlaridagi unutilmas kun — ular maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yib, katta bilim va orzular olamiga yo‘l oldilar.
🏫 Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov “Zohidon” mahallasida yangi o‘quv yili arafasida yangidan bunyod etilgan 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
🎤 Tantanali tadbirda tuman hokimi o‘quvchilar, ustoz-murabbiylar va ota-onalarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etib, mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
🎁 Yangi maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan jajji 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi. Ularning quvonchi, beg‘ubor tabassumi va hayajoni bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
🌟 Tadbirda bitiruvchi sinf o‘quvchilari ham ishtirok etib, kelajakdagi ezgu maqsad va orzulari bilan o‘rtoqlashdilar.
🔔 Nihoyat, uzoq kutilgan lahza — birinchi qo‘ng‘iroq jarangladi! Uning sadosi yangi bilimlar, katta orzular va ulkan marralar sari boshlangan yangi yo‘lning ramziga aylandi.
📚 Dastlabki darslarda o‘quvchilar Mustaqillikning qadr-qimmati, Vatanga sadoqat va fidoyilik haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Tuman hokimi esa yoshlarning orzu-intilishlarini tinglab, ularga hayotiy tajribalaridan kelib chiqib maslahatlar berdi.
❤️ “Yaxshi o‘qing, izlaning, katta maqsadlar qo‘ying. Sizlarning bugungi bilimingiz — ertangi Rishton va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining poydevoridir”, degan ezgu tilaklar bildirildi.
✨ Yangi o‘quv yili muborak bo‘lsin! Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari har bir o‘quvchini bilim, yutuq va buyuk orzular sari boshlab borsin!









