Yoshlar — kelajak bunyodkorlari
2026-08-20 13:50:00 / Yangiliklar

Tuman Madaniyat bo‘limida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, unda tuman hokimi o‘rinbosari Z. Umarov, tuman prokurori R. Mehmonov hamda tuman IIB boshlig‘i Sh. Mavlonov ishtirok etdi. Muloqot davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari, murojaatlari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tegishli mas’ullarga vazifalar belgilandi.
Yoshlar kuni doirasida Rishton tumani Yoshlar ishlari bo‘limi hamda “Antinarko” yoshlar front-ofisi tashabbusi bilan “Kelajak” markazida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida rasmlar tanlovi ham tashkil etildi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida tushuncha berish va yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Yoshlar o‘z ijodiy ishlari orqali giyohvandlikka qarshi kurashish, sog‘lom va farovon hayot tarzini targ‘ib etuvchi g‘oyalarni ifoda etdilar. Bayram munosabati bilan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazilib, faol yoshlar munosib rag‘batlantirildi.
Tadbirlar doirasida yosh avlodga mehr va e’tibor ko‘rsatishga qaratilgan yana bir ezgu tashabbus — “Ilm sari ilk qadam — mehr bilan” nomli ma’rifiy tadbir ham tashkil etildi.
Rishton tumanidagi Madaniyat markazida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Rishton tuman bo‘linmasi Kengashi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmasi a’zolarining 161 nafar farzandi ishtirok etdi.
Bolajonlar uchun “Aqlli mushuk” nomli teatr asari namoyish etilib, qiziqarli va tarbiyaviy mazmunga boy sahna ko‘rinishi ularga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirning eng quvonchli lahzalaridan biri 161 nafar o‘quvchiga 12 turdagi o‘quv qurollari hamda maktab sumkalari topshirilgani bo‘ldi.
Bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim vazifalardan biridir.
Rishtonda Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Zero, yoshlarni tinglash — ularning fikriga hurmat, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash esa kelajakka sarmoyadir.
Bugungi bilimli, sog‘lom, faol va vatanparvar yoshlar — ertangi kun taraqqiyotining eng katta tayanchidir.








