Rishtonda Xitoy investorlarining yangi loyihalari muhokama qilindi
2026-08-15 12:25:00 / Yangiliklar

Avval xabar berilganidek, tuman hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda 7 gektar maydonni o‘z ichiga oluvchi yangi sanoat hududini tashkil etish hamda mazkur hududga xitoylik investorlarning ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish masalalari muhokama qilingan edi.
Bugun esa ushbu kelishuvlarning amaliy davomi sifatida Xitoydan yangi tadbirkorlar Rishton tumaniga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Rishton tumani hokimi Bahodirjon Holiqov, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Bobojon Ibrohimov hamda tuman hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Ro‘ziyaliev ishtirok etdi.
Xitoy tomonining delegatsiyasi tarkibida quyidagi kompaniyalar rahbarlari qatnashdi:
🔹 Shandong Xingke Holding Group Co., Ltd. — raisi Yin Beijing;
🔹 China Waterproof Co., Ltd. — raisi Du Haitao;
🔹 Shandong Shandi Group Co., Ltd. — raisi Luan Guanghui;
🔹 Shandong Xinjia Energy Technology Co., Ltd. — raisi Zeng Dongsheng.
Muloqot davomida Xitoy kompaniyalarining Rishton hududida ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, ularni yangi sanoat hududiga joylashtirish, zarur infratuzilma va shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, investorlarning Rishton tumanining iqtisodiy salohiyati, mavjud imkoniyatlari va investitsiya loyihalari uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishi yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur uchrashuvlar Rishton tumaniga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.




