Rishtonda jahon va Olimpiada chempioni nomidagi zamonaviy boks majmuasi foydalanishga topshirildi
2026-06-18 15:25:00 / Yangiliklar

🏆 Rishton sport maktabida uch karra jahon va Olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev nomidagi zamonaviy boks majmuasi hamda yoshlar uchun boks to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur sport maskani yosh bokschilar uchun barcha zamonaviy talablarga javob beradigan sharoitlar bilan ta’minlangan bo‘lib, endilikda tuman yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi va katta sport sari dadil qadam tashlashi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
🎉 Ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Hakimov, tuman hokimi Bahodirjon Xoliqov, sektor rahbarlari, nuroniylar, sport faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ommaviy sportni rivojlantirish va sport infratuzilmasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdilar.
🥇 Ta’kidlanganidek, ushbu zamonaviy majmua kelajakda yangi chempionlar kamol topadigan maskanga aylanadi. Ehtimol, aynan shu yerda mashg‘ulot boshlagan yoshlar orasidan yurtimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘taradigan yangi Asadxo‘jalar yetishib chiqadi.
💪 Yangi sport majmuasi — yoshlar uchun yangi imkoniyatlar, yangi marralar va yangi g‘alabalar sari muhim qadamdir.









