📌 Rishton tumanida yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
2026-05-08 16:05:00 / Yangiliklar

Yuqori Beshkapa mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan “Fayozbek” nomli 100 o‘rinli nodavlat oilaviy bolalar bog‘chasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Mazkur muassasada bolajonlarning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
Shuningdek, bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida mahallada 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa nafaqat ta’lim sohasini rivojlantirish, balki aholi bandligini ta’minlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda tuman hokimi Bahodirjon Xoliqov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Yangi ta’lim maskanining ishga tushirilishi hududdagi maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish va yosh avlodni zamonaviy bilim hamda tarbiya asosida voyaga yetkazishda muhim qadam bo‘ldi.





