📌 Qahramon xotirasiga ehtirom — Rishtondagi unutilmas tashrif
2026-04-30 17:05:00 / Yangiliklar

Tashrif dasturiga muvofiq delegatsiya a’zolari Ikkinchi jahon urushi Qahramoni Mamadali Topivoldiev nomiga tashkil etilgan muzeyda bo‘lib, qahramonning oila a’zolari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdilar. Dastlab Zohidon MFY hududida joylashgan qahramon byustiga gulchambar qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Shundan so‘ng mehmonlar Mamadali Topivoldiev memorial muzeyida bo‘lib, qahramonning boy hayot yo‘li va tarixiy jasoratlari bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuvlar davomida rishtonlik partizan-qahramon, “Kazbek” laqabi bilan tanilgan M. Topivoldievning Ikkinchi jahon urushidagi jasorati, Belarus o‘rmonlarida partizanlar harakatiga rahbarlik qilgani, dushman ortida olib borgan qo‘poruvchilik va razvedka faoliyati, shuningdek, urushdan keyingi yillarda xalq xo‘jaligini rivojlantirishdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari qahramon hamda uning ikki nafar belaruslik partizan safdoshlari qabrini ham ziyorat qildilar. Qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirilib, ularning jasorati va fidoyiligi yodga olindi.
Shuningdek, delegatsiya Ikkinchi jahon urushi qahramoni nomi berilgan 27-umumta’lim maktabida ham bo‘ldi. Tadbir davomida maktab tarbiyalanuvchilari tomonidan qo‘shiq va raqslar ijro etildi, o‘quvchilar sahna chiqishlari namoyish qilindi. Toshkentdagi Belarus madaniy markazi badiiy ansambli ishtirokchilari chiqishlari esa tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Elchi o‘z nutqida bugungi avlod ajdodlarimizning jasorati va fidoyiligini hech qachon unutmasligini, ularning qahramonliklari bilan faxrlanish, tarixdan to‘g‘ri xulosa chiqarish hamda yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash muhim ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Mamadali Topivoldievning jasorati nafaqat o‘zbekistonliklar, balki belarus xalqi uchun ham faxr ekanini qayd etdi.
Tashrif yakunida Belarus elchisi tomonidan muzeyga esdalik sovg‘alari topshirildi. Delegatsiya a’zolariga tashrif davomida tuman hokimi hamrohlik qildi.
✨ Mazkur tashrif xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, tarixiy xotirani asrab-avaylash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.









