Zamonaviy sport majmuasi — sog‘lom avlod poydevori
2026-04-17 13:50:00 / Yangiliklar
Rishton tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ezgu tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga keng jalb qilish hamda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor markazida turibdi.

Shu ezgu maqsadlar yo‘lida bugun Rishton tumanida yana bir muhim ijtimoiy obyekt — zamonaviy sport zalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu maskan nafaqat sport bilan shug‘ullanish, balki yoshlarning jismonan va ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishida muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov, tuman hokimi Bahodirjon Xoliqov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Hakimov, tuman rahbarlari, mahalla faollari, sport murabbiylari, keng jamoatchilik vakillari hamda ko‘plab yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar yoshlar kelajagini ta’minlashda muhim omil ekanini alohida ta’kidlashdi.
Qayd etilganidek, ushbu zamonaviy sport majmuasi nafaqat professional sportchilarni tayyorlash, balki keng aholi qatlamini sportga jalb etish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, ularning irodasini mustahkamlash va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim maskan bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur sport inshootining foydalanishga topshirilishi natijasida yuzlab o‘g‘il-qizlar futbol, voleybol, basketbol kabi ommaviy sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, sport zalida turli musobaqalar, turnirlar, sport bayramlari hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
E’tiborlisi, mazkur sport majmuasi Respublika budjeti hisobidan 6,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi. Bu esa davlatimiz tomonidan sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy ifodasidir.
Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yoshlar — kelajagimiz poydevori” tamoyili doirasidagi islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Rishton tumanida foydalanishga topshirilgan ushbu sport zali ham ana shu ezgu siyosatning yana bir yorqin namunasi bo‘lib, kelajak avlodning sog‘lom, barkamol va har tomonlama rivojlangan insonlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Shubhasiz, bunday zamonaviy sport maskanlari nafaqat yoshlar, balki butun jamiyat salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.









