Ayollar va bolalar huquqlari – davlat va jamiyat himoyasida
2026-04-16 08:25:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmoni jamiyatda yillar davomida to‘planib qolgan og‘riqli nuqtalarga huquqiy yechim sifatida namoyon bo‘ldi. Ushbu hujjat bilan kiritilayotgan o‘zgarishlar nafaqat jazoning muqarrarligini ta’minlaydi, balki zo‘ravonlikni keltirib chiqaruvchi sabablarni tag-tugi bilan yo‘q qilishga qaratilgan. Farmon bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Mazkur hujjat jamiyatda “zo‘ravonlikka toqatsizlik” muhitini shakllantirishga qaratilgan. Ilgari ko‘p hollarda “oilaviy sir” sifatida yopib kelingan tazyiq holatlari endilikda nafaqat ma’naviy masala, balki qat’iy huquqiy javobgarlik ob’yektiga aylandi.
Farmon bilan tizimda bir qator muhim tashkiliy-huquqiy mexanizmlar joriy etilgan bo‘lib, bu bilan ayollar va bolalar ma’faatini himoya qilishni yanada qat’iylashtiradi.
Farmonning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — erta nikohlarning oldini olishdir. Endilikda, 2027 yildan boshlab, ikkala tomon ham kamida 21 yoshga to‘lganda ilk bor nikoh qurgan yosh oilalarga davlat tomonidan alohida imtiyozlar beriladi. Ularga beriladigan subsidiya va grantlar miqdori 1,5 baravarga oshiriladi, Voyaga yetmaganlar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik va targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Shuningdek, bunday holat haqida xabar bergan shaxslar jarima summasining 15 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.
Farmon ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash maqsadida homilador talaba-qizlar va 3 yoshgacha farzandi bor onalarga katta yengillik berdi. Jumladan, Ularga o‘qishni masofaviy shaklda davom ettirish imkoni yaratiladi, o‘qishdan chetlatilgan yoki akademik ta’tilga chiqqan talabalarga ta’limni davom ettirish uchun “ikkinchi imkoniyat” beriladi.
Texnologiyalar endi ayollar xavfsizligi xizmatida. Ushbu maqsadlarda “SOS” chaqiruv xizmati joriy qilinadi. Himoya orderi berilgan ayollarning telefonlariga zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi «my.ihma.uz» mobil ilovasi o‘rnatiladi.
Ichki ishlar organlarida “Oʻsmir-signal” moduli ishga tushirilib, u orqali mahalla, maktab va tibbiyot muassasalari erta nikoh yoki voyaga yetmaganlar homiladorligi haqida zudlik bilan xabar berishlari majburiy etib belgilandi.
Farmonda jinoyatchilar uchun jazo choralari keskinlashtirildi. Jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlar hech qachon manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydi va ularga nisbatan jazoni yengillashtirish amaliyoti cheklanadi.
Shuningdek, Farmonda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarning nomusiga tekkan muqaddam sudlangan shaxslarga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash nazarda tutilmoqda. 2027 yildan boshlab, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlari faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan (asosan ayol) tergovchi va sudyalar tomonidan ko‘riladi.
Farmonda Davlat rahbari xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni belgilab berdi. Endilikda femisid (ayolni jinsi sababli o‘ldirish), stalking (ta’qib qilish), kiberzo‘ravonlik va onlayn gruming (internet orqali bola ishonchiga kirish) kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanadi.
Ushbu Farmon O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyilining navbatdagi amaliy ifodasidir. Bu nafaqat huquqni muhofaza qilish organlariga, balki butun jamiyatga — mahalla yettiligidan tortib oddiy fuqarolargacha zo‘ravonlikka qarshi jipslashish vakolatini beradi. Zero, ayol va bolaning xavfsizligi — millatning kelajagi va xavfsizligi demakdir.
Jamiyatimizdagi har bir fuqaro ushbu huquqiy islohotlarning mazmunini chuqur anglashi va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz bo‘lishi bo‘lishi lozimdir.
M.Ibrohimova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton
tumanlararo sudi sudyasi.
