📝 Rasmiy munosabat
2026-03-31 17:00:00 / Tuman yangiliklari
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Oxirgi 4 yilda Rishtonda 96 ta kulolchilik sexi o‘z faoliyatini to‘xtatgan” mazmunidagi xabar yuzasidan Rishton tumani hokimligi hamda “Rishton tumangaz” gaz ta’minoti korxonasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ayni paytda Rishton tumani “Navbahor” MFY hududida joylashgan kichik sanoat zonasida chinni mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator sexlar o‘z faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Ushbu hududda ishlab chiqarish jarayonlari barqaror yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan mahalliy va tashqi bozorlar uchun mahsulotlar tayyorlanmoqda.
Shu bilan birga, ayrim sexlar turli iqtisodiy va tashkiliy omillar ta’sirida o‘z faoliyatini to‘xtatgani ham kuzatilgan. Xususan, tadbirkorlik subyektlari uchun tabiiy gaz narxlarining oshishi ayrim tadbirkorlarni faoliyat turini o‘zgartirishga undagan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyati cheklangan ayrim ishlab chiqaruvchilar ham faoliyatini tugatishga qaror qilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, tuman hokimligi tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish va imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, kichik sanoat zonalarida infratuzilmani yaxshilash, resurslar bilan ta’minlash va investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kelgusida ham tumanda kulolchilik va chinni mahsulotlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, mavjud sexlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
