FUQAROLIK SUD ISHLARINI YURITISHDA DAVLAT BOJI VA TO‘LOV TARTIBI
2026-03-31 16:35:00 / Yangiliklar
Fuqarolik sud ishlarini yuritishda da’vogar sudga murojaat qilishi bilan bog‘liq xarajatlarning muhim qismi davlat boji hisoblanadi. Davlat boji – bu vakolatli davlat organlari tomonidan fuqarolik ishlarini ko‘rish yoki yuridik ahamiyatga molik boshqa harakatlarni amalga oshirish uchun undiriladigan majburiy to‘lovdir.
Sud xarajatlarining ushbu turi fuqarolik ishlarini yuritish jarayonida davlat byudjeti daromadi sifatida shakllanadi va shu bois davlat boji to‘g‘risidagi qonun talablariga sudlar tomonidan qat’iy rioya qilinishi zarur deb belgilangan. Davlat boji jismoniy va yuridik shaxslarning sudga murojaat qilish huquqini amalga oshirishda muhim omil bo‘lib, uning miqdori va undirish tartibi fuqarolarning sudga erkin murojaat qilish imkoniyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, davlat boji institutini to‘g‘ri tartibga solish hamda amaliyotda uni bir xilda qo‘llash masalasi dolzarbdir.
Fuqarolik sud ishlarini yuritishda “davlat boji” tushunchasi qonunchilikda aniq ta’riflangan. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar yoki mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lov ekani belgilangan. Ushbu ta’rifga muvofiq, davlat boji sud, notariat, FHDYO va boshqa organlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik ahamiyatga ega xizmatlar uchun undiriladigan yig‘im sifatida namoyon bo‘ladi. Davlat boji o‘z iqtisodiy-ma’naviy mohiyatiga ko‘ra soliq yoki bojxona to‘lovlaridan farq qiladi, chunki u umumdavlat daromadi sifatida byudjetga yo‘naltirilsa-da, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muayyan huquqiy xizmat ko‘rsatish (masalan, sudga da’vo arizasini ko‘rib chiqish) evaziga undiriladi.
Davlat bojini hisoblash mexanizmlari esa da’vo talabining xususiyatiga (mulkiy yoki nomulkiy tusda ekanligiga), da’vo bahosiga va sub’yektning huquqiy maqomiga qarab farqlanadi. O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, mulkiy tusdagi (baholi) da’volar bo‘yicha davlat boji da’vo bahosiga nisbatan foiz sifatida hisoblanadi, nomulkiy (bahosiz) da’volar bo‘yicha esa bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) ma’lum baravari miqdorida qat’iy stavka belgilanadi.
Jumladan, mulkiy tusdagi da’volar – bu da’vogar tomonidan ma’lum miqdordagi mol-mulk yoki pul mablag‘ini undirish, mulk huquqini e’tirof etish, yoki mol-mulkka egalikni tiklashga qaratilgan talablar bo‘lib, ular bo‘yicha davlat boji da’vo bahosining 4 foizi miqdorida, biroq bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.
Nomulkiy tusdagi talablar uchun BHMning 2-baravari miqdorida davlat boji to‘lanishi lozim.
Fuqarolik sud ishlarini yuritishda davlat boji to‘lovini amalga oshirishda raqamli texnologiyalar va onlayn to‘lov tizimlarining joriy etilishi O‘zbekiston sud-huquq tizimining zamonaviy bosqichdagi muhim yutug‘laridan biridir. So‘nggi yillarda sud tizimida “raqamlashtirish” jarayonlari doirasida fuqarolarning qulayligi uchun yagona elektron to‘lov platformasi – https://billing.sud.uz portali ishga tushirilgan. Mazkur portal O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy billing tizimi bo‘lib, u orqali fuqarolar va tashkilotlar davlat boji, pochta xarajatlari hamda sudga murojaat qilish bilan bog‘liq boshqa to‘lovlarni onlayn tarzda, to‘liq shaffof va xavfsiz usulda amalga oshirishlari mumkin.
Biroq, keyingi vaqtlarda fuqarolarning sudlarga da’vo ariza bilan murojaat qilishlarida qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya) ilova qilinmagani natijasida sudlar tomonidan arizalarni qaytarish holatlari uchramoqda.
Shu o‘rinda, raqamlarga e’tibor qaratsak, 2025 yilda sudlar tomonidan 4.721 ta arizalar bo‘yicha davlat boji to‘lanmagani natijasida arizalar qaytarilgan.
Shuningdek, ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat daromadiga 68 mlrd.,035 mln. so‘mdan ziyod davlat boji undirish haqidagi 11.534 ta ijro hujjatlari Majburiy ijro byurolariga yuborilgan. Xulosa qilib aytganda, davlat boji – sud xarajatlarini qoplaydi va tartibni saqlaydi.
Adolat tamoyili ustuvor bo‘lgan jamiyatdagina fuqarolarning sud tizimiga ishonchi oshadi va davlatning majburiy yig‘imlari ham o‘zini oqlaydi.
Ulug‘bek Oripov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Rishton tumanlararo sudining raisi
