Yoshlar kuni munosabati bilan mehnat yarmarkasi tashkil etildi
2026-03-26 15:05:00 / Yangiliklar

Yarmarkada turli tashkilot va korxonalar tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilib, yoshlar uchun o‘z qiziqishlari va mutaxassisliklariga mos ish topish imkoniyati yaratildi. Tadbir davomida yoshlar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, mehnat sharoitlari, ish haqi va faoliyat yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Mazkur mehnat yarmarkasida tuman hokimi Bahodirjon Xoliqov, tuman prokurori Rashidbek Mehmonov, tuman IIB boshlig‘i Shavkatjon Mavlonov hamda tuman DSI boshlig‘i Saidaxon Nurmatova ishtirok etib, yarmarka jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Mutasaddilar yoshlar bilan suhbatlashib, ularning taklif va muammolarini tingladilar hamda bandlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr bildirdilar.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, bunday mehnat yarmarkalari yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Yarmarka yakunida ko‘plab yoshlar ish beruvchilar bilan dastlabki kelishuvlarga erishib, o‘z kelajagi sari muhim qadam tashladilar. Bu esa bunday tadbirlarning samaradorligini yana bir bor namoyon etdi.









