Asosiy kontentga o'tish

Raqobat sohasiga oid asosiy tushunchalar va atamalar hamda ularning qisqacha izohi

Raqobat sohasiga oid asosiy tushunchalar va atamalar hamda ularning qisqacha izohi

 

insofsiz raqobat — xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlari;

iqtisodiy konsentratsiya — xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustunligiga olib keladigan, tovar yoki moliya bozorida raqobatning holatiga ta’sir ko‘rsatadigan bitimlar tuzish va (yoki) boshqa harakatlarni bajarish;

komplayens – “Compliance” so‘zi inglizcha so‘z bo‘lib, “muvofiqlik”, “rioya” ma’nolarini anglatadi;

moliya bozori — banklar, kredit, sug‘urta va boshqa moliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatning, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari xizmatlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yoki uning bir qismidagi muomalasi doirasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishiga mos kelmasligi mumkin va mazkur muomala doirasi chegaralarida bunday xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘ladi;

raqobat — xo‘jalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) musobaqalashuvi bo‘lib, bunda ularning mustaqil harakatlari ulardan har birining tovar yoki moliya bozoridagi tovar muomalasining umumiy shart-sharoitlariga bir tomonlama tartibda ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini istisno etadi yoki cheklaydi;

raqamli platforma — raqamli mahsulotlardan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali haq evaziga yoki bepul foydalanilishini ta’minlovchi axborot tizimi;

tabiiy monopoliya — tovar bozorining holati bo‘lib, unda texnologik o‘ziga xos xususiyatlar tufayli tovarlarning muayyan turiga bo‘lgan talabni qanoatlantirishning raqobatli sharoitlarini yaratish mumkin emas yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmaydi;

tabiiy monopoliya subyekti — tabiiy monopoliya sharoitlarida tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi;

tovar — faoliyatning olish va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan mahsuli, shu jumladan ishlar va xizmatlar;

tovar bozori — tovarning, shu jumladan bir-birining o‘rnini bosadigan tovarning (o‘zining belgilangan maqsadi, qo‘llanilishi, sifati va texnik xususiyatlari, narxi hamda boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqqoslanishi mumkin bo‘lgan, iste’molchi almashtirishga tayyor bo‘lgan tovarning) O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yoki uning bir qismidagi muomalasi doirasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishiga mos kelmasligi mumkin va mazkur muomala doirasi chegaralarida tovarni olish yoki realizatsiya qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi;

xo‘jalik yurituvchi subyekt — tovarlarni ishlab chiqarish, olish va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs, shu jumladan davlat ishtirokidagi korxona va xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi muassasa, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;

Monopoliyaga qarshi komplayens – faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish bo‘yicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimi;

Ustun mavqe – tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat.

Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsiy manfaatlarning korxona manfaatlariga zid kelayotgan (real manfaatlar to‘qnashuvi) yoki ayrim hollarda zid kelishi mumkin bo‘lgan (potensial manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;

aksilreklama — noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama keltirib chiqargan yoki keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tugatish maqsadida tarqatiladigan raddiya;

axloqsiz reklama — shaxslarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga daxldor bo‘lgan haqoratli so‘zlar, tasvirlar hamda o‘xshatishlardan, haqorat qiluvchi tasvirlardan foydalanish orqali insoniylik va axloqning umumqabul qilingan normalarini buzuvchi, milliy yoki jahon madaniy boyligini tashkil etadigan san’at obyektlariga, tarixiy va arxitektura yodgorliklariga tajovuz qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini (bayrog‘ini, gerbini, madhiyasini), milliy valyutasini tahqirlovchi reklama;

ijtimoiy axborot — tarqatilishi bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olishni maqsad qilib olmagan, nomuayyan shaxslar doirasiga yo‘naltirilgan hamda xayriya va sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika resurslarini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, aholini ijtimoiy himoya qilish va uning xavfsizligi, ma’naviyat va ma’rifat, jamiyat va davlat manfaatlarini ta’minlash sohalarida ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan axborot, shuningdek notijorat xususiyatidagi boshqa axborot;

nomaqbul reklama — noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin reklama, shuningdek ushbu Qonun talablariga mos kelmaydigan boshqa reklama;

noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama — noaniqligi, bir xil ma’noli bo‘lmaganligi, bo‘rttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan reklama;

rag‘batlantiruvchi aksiya — reklamadan foydalanuvchilarni muayyan harakatlarni bajarishga undaydigan tadbir, tanlov, o‘yin o‘tkazish shaklida amalga oshiriladigan, shu jumladan ularda ishtirok etish sharti reklama qilinayotgan tovarlarni olishdan iborat bo‘lgan reklama;

reklama — har qanday reklama vositalaridan foydalangan holda tarqatiladigan, mazmuni O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan reklamadan foydalanuvchilarga qaratilgan va reklama obyektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot;

reklama beruvchi — reklama qilinadigan tovarni ishlab chiqarishni yoki sotishni amalga oshiruvchi, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoxud norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs yoxud reklama obyektini va (yoki) reklama mazmunini belgilab bergan boshqa shaxs, shu jumladan homiy;

reklama vositalari — reklamadan foydalanuvchiga reklamani yetkazish uchun foydalaniladigan vositalar;

reklama joyi (tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatiladigan joy) — tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatiladigan maxsus ajratilgan va (yoki) berilgan hudud (yer, asfalt, yashil hudud va boshqalar), bino, inshoot sirtqi qismining muayyan yuzasi;

reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga, mulk shaklidan qat’iy nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydi;

reklama joyi pasportining egasi — davlat mulki bo‘lgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksion asosida yoxud xususiylashtirilgan yer uchastkalariga, shuningdek xususiy mulk bo‘lgan binolarga yoki inshootlarga — xususiylashtirilgan yer uchastkasining, binoning yoxud inshootning mulkdori bilan tuzilgan shartnoma asosida tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

reklama obyekti — e’tiborni jalb etish uchun reklama o‘ziga nisbatan yo‘naltirilgan tovar, shu jumladan tadbirlar, texnologiyalar, individuallashtirish vositalari, intellektual faoliyat natijalari, shuningdek jismoniy yoki yuridik shaxslar to‘g‘risidagi axborot;

reklamaga oid faoliyat — reklamaning aylanishi sohasida ishlar hamda xizmatlarni bajarish bilan bog‘liq faoliyat;

reklama tayyorlovchi — reklamani tarqatish (joylashtirish) uchun axborotni to‘liq yoxud qisman tayyor shaklga keltirishni amalga oshiradigan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

reklama tarqatuvchi — reklama vositalari orqali reklama tarqatishni amalga oshiradigan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

reklamadan foydalanuvchi — reklama o‘ziga nisbatan yo‘naltirilgan shaxs yoki shaxslar guruhi;

tashqi reklama — nomuayyan shaxslar doirasi ko‘rishi uchun mo‘ljallangan, tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtiriladigan grafikli, matnli yoki boshqa reklama;

uyg‘unlashtirilgan reklama — tovarlarning kino, audio va video mahsulotlardagi, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar efiridagi, san’at asarlaridagi, tasvirlardagi, kompyuter o‘yinlaridagi hamda mavjud tovarga muvofiq bo‘lgan asosiy yoki ikkinchi darajali rekvizit, tovar belgisining (xizmat ko‘rsatish belgisining) tasviri yoki u haqida har qanday shakldagi eslatma tarzida boshqa asarlardagi reklamasi;

yashirin reklama — reklamadan foydalanuvchining idrokiga uning o‘zi anglamagan holda maxsus video ilovalardan (qo‘sh ovozli yozuvdan) foydalanish yo‘li bilan hamda boshqa usullar bilan ta’sir o‘tkazadigan reklama;

qiyosiy reklama — raqobatchini yoki raqobatdosh tovarni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalovchi reklama;

homiylik reklamasi — muayyan shaxsni majburiy tarzda homiy sifatida eslatib o‘tish sharti bilan tarqatiladigan reklama;

kassa cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi to‘langanligini tasdiqlaydigan, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq to‘langan sana va kassa apparatining nomeri ko‘rsatilgan hujjat;

tovar cheki — tovarning sotib olinganligini yoki ish (xizmat)ning haqi to‘langanligini tasdiqlovchi, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq to‘langan sana hamda sotuvchining nomi va joylashgan manzili haqidagi ma’lumot ko‘rsatilgan hujjat.

628