Iste’molchi qonun himoyasida
2025-02-20 09:15:00 / Yangiliklar
Narxi sifatiga nomunosib bo‘lgan tovar puli qaytarildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahridagi Samarqand darvoza savdo kompleksidan sotib olingan ustki kiyim sifatsiz chiqqanligi yuzasidan fuqarodan tushgan murojaat o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida fuqaro 3 mln 500 ming so‘mga xarid qilgan qishki kiyimi yomg‘irli havoda suvni va sovuqni o‘tkazib yuborgani, savdo shoxobchasidan sotilgan sifatsiz tovarga to‘lagan pulini qaytarib berilmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mitaning tegishli so‘rov xatiga javoban savdo kompleksi tomonidan narxi sifatiga nomunosib bo‘lgan kurtka uchun to‘langan 3 500 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlandi.
Yo‘qolgan bagaj uchun fuqaroga kompensatsiya to‘landi
Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro K.G‘.ning “Qanot Sharq” MChJ aviakompaniyasi xizmatidan noroziligi bildirilgan murojaatni ko‘rib chiqdi.
O‘rganishlar davomida uchishga tegishli hujjatlar, ariza, chipta va talonlar fuqaroning “Puket-Toshkent” yo‘nalishida uchib kelganini tasdiqladi. Ammo oradan 4 oydan ortiq vaqt o‘tishiga qaramay, bagaji yetkazib berilmagan. Xizmat ko‘rsatuvchi ikkita aviakompaniya xulosalari bagajni yo‘qolganini tasdiqladi va “Qanot Sharq” MChJ 15 kg bagaj uchun kompensatsiya tariqasida 4 300 000 so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lab berilishi ta’minlandi.
Nuqsonli televizor sifatlisiga almashtirildi
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi fuqaro N.O. “IDEA” savdo do‘konidan 4 500 000 so‘mga televizor sotib olgan, uyga keltirilganda nuqsoni borligi uchun umuman ko‘rsatmagan. Iste’molchi mazkur masala bo‘yicha do‘kon xodimlariga bir necha bor murojaat yo‘llashiga qaramasdan muammo ijobiy hal qilib berilmagan.
Raqobat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaro qoldirgan murojaat o‘rganib chiqilganida savdo shoxobchasi fuqaroga sotish jarayonida mazkur televizorni oldindan ishlatib, tekshirib bermaganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada savdo do‘konidan olingan nuqsonli televizor mahsuloti xuddi shu narxdagi va rusumdagi yangi televizorga almashtirib berilishi ta’minlandi.
“Uzum market” fuqaroga tovar pulini qaytarishi ta’minlandi
Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro K.D. “Uzum market” savdo platformasi orqali 860 ming so‘mga payvandlash uskunasiga buyurtma qilib, to‘lovni oldindan amalga oshiradi. Mahsulot reklamasida o‘zgaruvchan va o‘zgarmas tokda ishlashi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda esa o‘zgarmas tokda payvandlash imkoni yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Mahsulotni qaytarish va to‘langan mablag‘larni olish yuzasidan qoldirilgan murojaatni Raqobat qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi va natijada payvandlash uskunasi uchun to‘langan mablag‘ to‘liqligicha “Uzum market” MChJ XK tomonidan qaytarilishi ta’minlandi.