Quvasoylik maktab o‘quvchilari chempion bo‘lishdi
2025-08-22 11:05:00 / Yangiliklar
Besh kun davomida Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyatida sportning futbol turi bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi.
Unda mezbon davlat vakillari bilan birga Qozog‘iston, Tojikiston Respublikasi va mamlakatimiz futbolchilari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.
Viloyatimiz sharafini munosib himoya etgan quvasoylik o‘quvchilar chiroyli kombinatsion o‘yinlarni namoyish qilib, kuchli zarbalari va o‘ziga xos taktikalarni amalda qo‘llagan holda maydondagi harakatlari bilan muxlislar hamda mutaxassislarda katta taassurot qoldirishdi.

10–12 yoshli futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvning final bahsida quvasoylik o‘quvchilar Qirg‘iz Respublikasining “Alay” jamoasi bilan bellashib, 4:3 hisobida g‘alaba qozonishdi va Yangi O‘zbekiston yoshlarining yuqori imkoniyatlarini amalda ko‘rsatishdi.
Ma’lumot uchun, Quvasoy shahridagi 1-, 2-, 3-, 10-, 12-, 13-, 15- va 19-maktab o‘quvchilari mazkur musobaqada munosib ishtirok etdilar.







