Quvasoyda yoshlar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi
2026-06-11 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda shahar Davlat xavfsizlik xizmati rahbari, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Xasanov, shahar hokimining o‘rinbosari Alisher Mamajonov hamda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Yarmarka davomida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va murojaatlari tinglandi. Mutasaddilar tomonidan yoshlarni qiynayotgan masalalar o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan tegishli tavsiyalar va amaliy ko‘maklar berildi.
Shuningdek, shahardagi davlat tashkilotlari hamda xususiy sektor korxonalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari yoshlar e’tiboriga havola etildi. Ish izlayotgan fuqarolar o‘z mutaxassisligi va qiziqishlariga mos ish o‘rinlari bilan tanishib, bevosita ish beruvchilar bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida bir qator yoshlarning mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha ishga joylashishlari ta’minlandi. Bu kabi mehnat yarmarkalari yoshlar bandligini oshirish, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlari hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga xizmat qilmoqda.









