Tadbirkorlar murojaatlari e’tibor markazida: Quvasoyda tadbirkorlar qabuli o‘tkazildi
2026-05-26 12:00:00 / Yangiliklar

Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev, Quvasoy shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov, viloyat va shahar tashkilotlari rahbarlari hamda o‘z murojaat va takliflari bilan qatnashgan tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Sayyor qabul davomida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, infratuzilma, kredit, yer ajratish va boshqa yo‘nalishlarga oid masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda 60 nafarga yaqin tadbirkor qatnashib, jami 39 ta murojaat ro‘yxatga olindi. Shundan 16 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish, hujjat va muayyan muddat talab etadigan 23 ta murojaat esa tegishli tashkilot va mutasaddilarga ijro uchun yo‘naltirildi.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish, ularning muammo va takliflarini tizimli hal etish hududda biznes muhitini yaxshilash hamda yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.









