Quvasoy shahrida zamonaviy master-reja: taraqqiyotning yangi bosqichi
2026-01-19 10:00:00 / Yangiliklar
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida Quvasoy shahrining 100 gektardan ortiq hududini qamrab olgan zamonaviy master-rejani ishlab chiqish bo‘yicha ikkinchi bosqich taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, deputatlar hamda mahalliy aholi vakillari faol ishtirok etdilar. Taqdimot davomida shahar hududini kompleks rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va aholining turmush sifatini oshirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Master-rejalar bo‘limi boshlig‘i Shamsiddin Sharipov, vazirlik mutaxassisi Xamidxon Xoshimov, shuningdek, Quvasoy shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov ishtirok etib, loyiha ahamiyati va kutilayotgan natijalar yuzasidan fikr bildirdilar.
Shuningdek, master-rejani ishlab chiqishda ishtirok etayotgan Turkiyaning “PAL” loyiha kompaniyasi vakillari — kompaniya rahbari Esen Caglar, iqtisodchilar Emre Koyuncu, Ali Sami Seckin va Senanur Yaman tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilayotgan yechimlar taqdim etildi.
Loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Quvasoy shahrida zamonaviy turizm maskanlarini barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini oqilona joylashtirish, shuningdek, Renovatsiya dasturi doirasida ma’nan eskirgan bino va inshootlarni yangilashdan iborat.
Mazkur master-reja Quvasoy shahrining kelgusi rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib, shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, investitsion jozibadorlikni oshirish va aholi uchun yanada qulay yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.










