Davlat xizmatida halollik va mas’uliyat — bosh mezon
2025-09-03 10:00:00 / Yangiliklar
Quvasoy shahar hokimligida davlat idoralari xodimlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev, shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov hamda shahardagi korxona va tashkilot xodimlari ishtirok etdilar.
Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat xizmatining nufuzini yuksaltirish, xodimlarning ijtimoiy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, ularning kasbiy mahoratini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, davlat xizmatchilari rioya etishi lozim bo‘lgan qator masalalar, jumladan, korrupsiya va huquqbuzarliklarning oldini olish, odob-axloq me’yorlariga amal qilish, kiyinish madaniyatiga e’tibor qaratish hamda fuqarolar bilan to‘g‘ri muloqot yuritish kabi muhim jihatlar muhokama qilindi. Ushbu omillar davlat idoralari obro‘siga bevosita ta’sir qilishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun ishlab chiqilgan etik qoidalar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar va amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Yakunda xodimlarga davlat xizmatida ochiqlik, halollik va mas’uliyat tamoyillariga sodiq bo‘lish, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda davlat xizmatchisining nufuzini yanada oshirish yo‘lida faol bo‘lish zarurligi qayd etildi.









