#Bayram_tabrigi
2026-10-21 08:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Har bir millatning o‘zligi, tarixi va ma’naviyatini namoyon etuvchi eng buyuk boyligi - uning ona tilidir. Til - millatning qalbi, xalqning ruhi, ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir.
Ona tilimiz - o‘zbek tili asrlar davomida xalqimizning tarixi, orzu-intilishlari va boy ma’naviy merosini o‘zida mujassam etib kelmoqda. Uning jozibasi, nafosati va badiiy imkoniyatlari beqiyosdir. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz o‘zining bebaho ijodi orqali tilimizning naqadar boy va serjilo ekanini butun dunyoga namoyon etgan.
1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berib, xalqimizning milliy o‘zligini anglash va asriy orzularini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Bu qadam ona tilimizga bo‘lgan hurmatni mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va tilimizning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bugungi kunda davlat tilining nufuzini oshirish, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish va yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning muhim vazifamizdir. Ona tiliga hurmat - milliy qadriyatlarimizga hurmat va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimizdir.
Hurmatli ustozlar va aziz yoshlar!
Ajdodlarimizdan bizga boy adabiy meros va betakror ma’naviy qadriyatlar qolgan. Bu merosni asrash, boyitish va kelajak avlodlarga yetkazish - muqaddas burchimizdir. Shu bois yoshlar qalbida ona tiliga muhabbat uyg‘otish, ularni buyuk ajdodlarimiz asarlarini o‘qishga, ijod qilishga va tilimizning boy imkoniyatlarini chuqur o‘rganishga jalb etishimiz lozim.
Ona tilini mukammal bilish boshqa tillarni o‘rganishga to‘siq emas, aksincha, insonning dunyoqarashini kengaytiradi va jahon bilan muloqot qilish imkoniyatlarini oshiradi. Muhimi, qaysi tilni o‘rganmaylik, o‘z ona tilimizga bo‘lgan hurmat va sadoqatni saqlashimiz kerak.
Aziz yurtdoshlar!
Ona tilimizni asrash va uning nufuzini yuksaltirish faqat tilshunoslar yoki ustozlarning emas, balki har bir fuqaroning burchidir. Buning uchun barchamiz kundalik hayotimizda davlat tili me’yorlariga amal qilishimiz, yoshlarga ibrat bo‘lishimiz va milliy merosimizni asrab-avaylashimiz zarur.
Keling, ona tilimizni birgalikda asraylik, uning boyligi va jozibasini kelajak avlodlarga munosib yetkazaylik!
O‘zbek tilimiz - milliy g‘ururimiz, o‘zligimiz va bebaho ma’naviy boyligimizdir!
Ona tilimiz doimo yashnasin, tilimizning nufuzi va mavqei yanada yuksalsin!
Barchangizni O‘zbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, farovonlik va ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, tilimiz doimo barhayot bo‘lsin!
O'tkir Hamroyev
Qorovulbozor tumani hokimi
