Yoshlar masalasi — e’tiborda: rahbarlar bilan ochiq muloqot
2026-10-08 18:20:00 / Yangiliklar

Muloqotda tuman hokimi, tuman prokurori, IIB boshlig‘i, soliq inspeksiyasi rahbari, tijorat banklari vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda texnikum yoshlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlarni qiynayotgan masalalar bilan bir qatorda, ish topish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tuman hokimi O‘tkir Hamroyev boshchiligidagi rahbarlar yoshlar bilan muloqot qilib, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishdi.
Tijorat banklari va mas’ul tashkilotlar vakillari esa yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mavjud imtiyozlar, kredit va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida tushuntirish berdi.
Uchrashuvning asosiy qismi ochiq savol-javob shaklida o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni bevosita mas’ullarga yo‘llab, ishga joylashish, tadbirkorlik va moliyaviy imkoniyatlar bo‘yicha javoblar oldi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi esa yoshlar uchun ish beruvchilar bilan bevosita uchrashish imkonini berdi. Yarmarkada korxona va tashkilotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilib, yoshlar o‘z qiziqishlariga mos ish o‘rinlari haqida ma’lumot oldi.
Bugungi uchrashuvning muhim jihati — yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha turli idoralarga alohida murojaat qilmasdan, rahbarlar, banklar va ish beruvchilar bilan bir maydonda bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.
✍️ Qorovulbozor tumani hokimligi matbuot xizmati








