Kogon shahri nuroniylari Qorovulbozor tumanida mehmon bo‘ldi
2026-08-22 15:30:00 / Yangiliklar

Mazkur tashabbus doirasida bugun, 22-avgust kuni Kogon shahri nuroniylari Qorovulbozor tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrifning dastlabki manzili “Bo‘zachi” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Buxoro agroklaster chorva” MChJ bo‘ldi. Mehmonlar korxonaning faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng nuroniylar “Navbahor” mahallasida tashkil etilgan “Besh tashabbus markazi” faoliyati bilan tanishdilar. Markazda yoshlar uchun yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar, ayollar uchun psixologik maslahat xonasi, kurash, shaxmat va shashka mashg‘ulotlari haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida yoshlar bilan samimiy muloqotlar ham tashkil etildi. Suhbatlarda yoshlarning qiziqish va intilishlari tinglanib, nuroniylar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Yurt tinchligi, oilalar totuvligi va jamiyat barqarorligini ta’minlashda katta avlodning hayotiy tajribasi hamda yoshlarning faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.
Kun davomidagi tadbirlarning navbatdagi manzili “Farhod” tantanalar majmuasi bo‘ldi. Bu yerda bir piyola choy ustida nuroniylar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Samimiy suhbatlar davomida keksa avlod vakillari o‘zlari yashagan va mehnat qilgan davr, o‘sha yillardagi sharoit va hayotiy tajribalari haqida so‘zlab berdilar. Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ularning qadriga yetish lozimligi qayd etildi.
Tadbirlar davomida tashabbuslarda faol ishtirok etgan bir guruh Kogon shahri nuroniylariga Qorovulbozor tumani hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tuman madaniyat bo‘limining badiiy jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa uchrashuvlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
✍️ Qorovulbozor tumani hokimligi matbuot xizmati









