#Bayram_tabrigi
2026-08-22 11:00:00 / Yangiliklar

Qorovulbozor tumanida zamonaviy neftni qayta ishlash zavodining barpo etilishi mamlakatimiz sanoat taraqqiyoti tarixidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda korxona respublikamiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlari va aholini zarur neft mahsulotlari bilan ta’minlashda alohida o‘rin tutib kelmoqda.
Shu munosabat bilan Mustaqilligimizning 35 yilligi va “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” tashkil etilganining 29 yilligi bilan korxona rahbariyati, barcha ishchi-xodimlar hamda ularning oila a’zolarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Zavodning ko‘p yillik faoliyati davomida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash va ishlab chiqarish barqarorligini saqlash yo‘lida minglab fidoyi mutaxassislarning munosib hissasi bor.
Sizlarning o‘z kasbingizga sadoqat bilan yondashib, mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilayotganingiz yuksak e’tirofga loyiq. Korxonaning bugungi salohiyati va erishayotgan natijalarida har bir xodimning halol va mashaqqatli mehnati mujassam.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka va osoyishtalik tilayman. Mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda yangi yutuqlar, ulkan muvaffaqiyatlar hamisha hamrohingiz bo‘lsin.
Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Qorovulbozor tumani hokimi
O‘tkir Hamroyev
