Qorovulbozor tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Alimardon Ashrapovich Jumayevning tuman aholisiga murojaatnomasi
2026-06-02 17:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar qatori huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, tizim faoliyatini mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish, soha xodimlarining aholi turli qatlamlari bilan doimiy muloqoti va hamkorligini yanada mustahkamlash borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad — ichki ishlar organlarini ushbu tizimda xizmat qilayotgan har bir xodim jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini saqlash yo‘lida chin dildan xizmat qiladigan xalqchil professional tuzilmaga aylantirishdan iborat.
Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Inson qadri ulug‘lanayotgan ana shunday tarixiy sharoitda qishloq, guzar va mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida barchamizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifalar yanada ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari ham “Davlat va xalq tayanadigan asosiy ustun – qonun, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim esa ichki ishlar sohasi” deya tizimga alohida e’tibor qaratib, bu sohadagi o‘zgarishlarning eng katta zamini — yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik ekanligini qayta-qayta uqtirib keladilar.
Xabaringiz bor, 2021-yildan boshlab yurtimizda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “mahallabay ishlash” tizimi tatbiq etilgan edi. Unga ko‘ra, har bir mahallaga alohida yondashgan holda, manzilli ish olib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yildan boshlab “mahalla beshligi” – “mahalla yettiligi”ga aylantirilib, uning faoliyatiga aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash va hal etishga qaratilgan “jinoyatlarning ijtimoiy profilaktikasini amalga oshirishga” tayanadigan yangicha ishlash tizimi joriy qilindi. Eng asosiysi, sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari bevosita aholi ishtirokida joylarda muhokama qilinadigan, jamoat xavfsizligi uchun mas’ullar bevosita mahallaning o‘zida hisobot beradigan bo‘ldi.
Tizimli mehnati, keng dunyoqarashi, tadbirkorligi hamda mehmondostligi bilan ajralib turuvchi, bag‘rikenglik qon-qoniga singib ketgan tumanimiz aholisi tinch-totuv, baxtiyor hayotni yuksak qadrlaydi. Sizlar har bir sohada yuksak natijalarga erishishga intilishlaringiz, fidoiy va jasur mehnatlariz orqali tumanimizni yanada obod va farovon qilishga o‘z hissangizni qo‘shmoqdasiz. Binobarin, mehnatingizning natijasi – bu nafaqat tumanimizni rivojlantirish, balki mamlakatimiz ravnaqi uchun mustahkam poydevor yaratishdir.
Dunyo bo‘ylab sodir bo‘layotgan voqealardan xabaringiz bor. Cheksiz minnatdorlik bilan aytishimiz mumkinki, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hukm surib, har birimizning hayotimizda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Yurtda davom etayotgan izchil taraqqiyotni ko‘zimiz bilan ko‘rib, qalbimizda his qilib, kundalik turmushimizda sezib yashamoqdamiz. Shubhasiz, bularning barchasi Prezidentimizning tinimsiz mehnati, dono siyosatlari va ulkan sa’y-harakatlari natijasidir.
Shu o‘rinda, yon-atrofimizdagi tahlikali vaziyat, chigallashgan makonda mamlakatimiz taqdiriga, ayniqsa yoshlar ongiga ijtimoiy tarmoqlar yordamida “ommaviy madaniyat”, “soxta demokratiya”, noto‘g‘ri diniy tushunchalar orqali tahdid bo‘layotganini ham ta’kidlash joiz. Yuqoridagi nuqtai nazardan kelib chiqib, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, huquq va erkinliklarini ishonchli ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan manzilli ishlarni yanada kuchaytirishimizni taqozo etmoqda.
Tan olib aytishimiz kerak, oldimizda juda ko‘plab turli xil xavf-xatarlar turibdi. Hozirgi kunda juda avj olib borayotgan kiberjinoyatlar, ya’ni axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoiy tajovuzlar shular jumlasidandir. Bu turdagi jinoyatlar zamon va makon tanlamasligi va masofadan turib sodir etilayotganligi sababli ish faoliyatimizda anchayin qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Fuqarolarimiz kiberjinoyatchilarning turli aldovlari bilan yuborilgan soxta havola (link) orqali karta boshqaruvini qo‘lga kiritish, internet orqali onlayn savdolarni amalga oshirishda pul mablag‘larini to‘lash, pul ko‘paytirib berish uchun o‘tkazish va boshqa yo‘llar orqali aldov qurboniga aylanishmoqda.
Jinoyatchilar fuqarolar ishonchiga kirish maqsadida sun’iy intelektdaan foydalanib, mashhur insonlarning soxta videolarini tayyorlashmoqda. Boshqa bir holatda esa “ushbu suratdagi senmi?” yoki “to‘yga taklifnoma” mazmunidagi fayllar yuborish orqali fuqarolar plastik kartasidagi pullarni osongina qo‘lga kiritishni ko‘zlamoqda. Bu turdagi jinoyatlarga barham berishning eng samarali yo‘li — aholida kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir. Barchamiz nafaqat o‘zimizni, balki yon-atrofdagilarni ham bu jinoyatlardan himoya qilishni o‘rganishimiz kerak. Ba’zan haddan tashqari ishonch va oson yo‘l bilan boyish istagi o‘zimiz bilmagan holda turli tuzoqlarga ilinib qolishimizga olib kelmoqda.
Shu sababli aholimizdan quyidagilarga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz:
- Eng avvalo, telefon va gadjetlaringizga ikki bosqichli parol o‘rnating, avtomatik yuklab olish ilovalarini o‘chirib qo‘ying;
- Plastik karta pin-kodini begona shaxslarga bermang;
- Savdo nuqtalari atrofidagi begona shaxslar orasida karta pin-kodini ma’lum qilmang, terminalga pin-kodni shaxsan kiriting, pin-kodni kiritish qurilmalarida shubhali qoplamalar mavjud emasligini tekshiring;
- Masofadan turib elektron to‘lovlarni yoki pul o‘tkazmalarini amalga oshirish davomida maxsus kodni oshkor etmang;
- Elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqlardan bank plastik kartasi to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni jo‘natmang;
- O‘zini bank mutaxassisi sifatida tanishtirib, karta to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘ragan shaxslarga ularni oshkor etmang;
- Bank plastik kartasi uchun SMS-xabarnoma xizmatini begona shaxslar telefon raqamiga ulamang;
- Yaqinlaringiz va tanishlaringizning garovga olinganligi, yordamga muhtojligi yoki biror bir mushkul ahvolga tushib qolganligini aytib, tanish do‘sti, tergovchi, tibbiyot xodimi yoki boshqa shaxs maqomida qo‘ng‘iroq qilib pul talab qilishayotgan bo‘lishsa yoxud chet mamlakatda yurgan yaqiningiz ovozida qo‘ng‘iroq qilib pul so‘rashsa aslo ishonmang. Bu sun’iy intellekt orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik bo‘lishi mumkin.
Agarda yuqoridagi kabi holatlarga duch kelsangiz, “112” qisqa raqamiga zudlik bilan murojaat qiling.
Yana bir dolzarb muammo – giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar. Ichki ishlar organlari xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tumanimiz hududida giyohvand hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi keskin kurash olib bormoqdamiz. Bu illatga qarshi keskin kurashishda, eng avvalo, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar orasida keng tarqalishining oldini olishda manzilli, tezkor hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda bu turdagi jinoyatlar ham zamonaviylashgan, giyohvand hamda psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanish ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan! Internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar” orqali jinoyatlar sodir etilmoqda. Bu jarayonga bizning sodda yoshlarimiz, ayniqsa voyaga yetmaganlarning jalb etilayotgani esa o‘ta xatarli. Bu jinoiy guruhlar faoliyati xorijdan turib boshqarilmoqda. Ularga yetib borish turli qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Buni yashirolmaymiz, albatta.
Ammo fuqarolarimizdagi loqaydlik va atrofdagi hodisalarga bee’tiborlik ham aynan ushbu turdagi jinoyatlarning keng quloch yoyishiga sabab bo‘lmoqda. Negadir mana shunday reklama qog‘ozlarini uyingiz eshigiga, devorlarga, ko‘cha va jamoat joylarida yopishtirib ketayotganlarni to‘xtatmaysiz? Bunday shubhali shaxslar to‘g‘risida huquq-tartibot organlariga yoki “112” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar bermaysiz? “Och qornim – tinch qulog‘im” qabilida ish tutayotganlar! Ogoh bo‘ling! Bu illat Sizning ham xonadoningizga kirib bormasligiga kim kafolat beradi? Bu illatga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz shart!
Shuning uchun, hurmatli ota-onalar, aziz vatandoshlar, e’tiborli bo‘ling! Farzandlaringiz, aka-uka, yaqinlaringiz, tanish-bilishlaringiz orasida xulq-atvori, yurish-turishi, xatti-harakatlarida kutilmagan o‘zgarish bo‘lsa, buni yashirishga urinmang. “Mahalla-ko‘y, tanish-bilishlar nima deydi?” degan o‘y-xayol bilan yashirmang. Bir o‘zingiz ularni og‘u domidan chiqarib ololmaysiz. Bunday shaxslarga mutaxassislarning yordami kerak. O‘z vaqtida yaqinlaringizni giyohvandlik domidan tortib olsangiz, yanada og‘irroq oqibatlarning oldini olgan bo‘lasiz.
Biz bu jinoyatlarni sodir etayotganlarni aniqlab, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlaymiz. Lekin shaxs javobgarlikka tortilishi bilan uning kelajagi, oilasi nima bo‘ladi? Bu illat butun jamiyatimiz va kelajagimizga katta xavf tug‘dirishini unutmaylik. Yana bir masala, aksariyat hollarda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan va undan zaharlangan yoshlarning yaqinlari buni bilgan, ko‘rib turgan. Biroq mustaqil va yashirincha harakat qilib, tegishli idoralarga o‘z vaqtida ma’lum qilmaganlar.
Giyohvand moddalar yoki kuchli ta’sir qiluvchi dorilar iste’moli ta’siri ostida har qanday jinoyatlar, ayniqsa eng og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishi muqarrar va biz bu holatlarni o‘z tajribamiz davomida ko‘rib turibmiz. Bunday vositalar ta’siri ostida transport vositalarini boshqargan shaxslar esa og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini sodir etishlari mumkinligini ham unutmaslik kerak. Bunday shaxslar nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqa begunoh insonlarning ham hayotiga nuqta qo‘yishi yanada achinarlidir.
Yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman, bu – firibgarlik. Bugungi kunda tumanimizda jinoyatchilikning katta salmog‘ini firibgarlik jinoyatlari tashkil etmoqda. Galdagi muhim masalalardan yana biri bu – o‘g‘rilik jinoyatlari. So‘nggi vaqtlarda tumanimiz hududlarida sodir etilayotgan jinoyatchilikning birinchi o‘rinida o‘g‘rilik jinoyatlari turibdi. Xususan, xonadon, savdo do‘konlari va chorva mol o‘g‘riligi jinoyatlari fuqarolarimizning o‘z mulklarini xavfsiz saqlashga e’tiborsiz bo‘layotganidan dalolat bermoqda.
Ayniqsa:
- Xonadonlar va savdo do‘konlarining qarovsiz qoldirilishi;
- Eshik-derazalarga temir panjaralarning o‘rnatilmaganligi yoki sifatsiz va tez shikastlanuvchi osma qulflarning o‘rnatilganligi;
- Avtomototransport vositalari eshiklarining ochiq holda yoki ovloq joylarda qarovsiz qoldirib ketilishi;
- Dalalarda yoki yashash uyidan uzoqda, atrofi o‘ralmagan hovlilarda qoramollar va qo‘y-qo‘zilarning qarovsiz qoldirilishi;
- Xonadon yoki savdo do‘konlarining texnik qo‘riqlash pultiga ulanmaganligi yoxud avtonom signalizatsiyalarning o‘rnatilmaganligi;
- Korxona, tashkilot, muassasa, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida tashqi yoritish va videokuzatuv moslamalarining o‘rnatilmaganligi yoxud qorovullik xizmatining tashkil etilmaganligi;
- Avtoturargohlar va ko‘p qavatli uylarning kirish joylarida videokuzatuv va yoritish moslamalarining yo‘qligi, pod’ezd va tomga chiqish eshiklarining qulflanmasligi, velosiped, kolyaska va boshqa shu kabi buyumlarning qarovsiz qoldirilishi o‘g‘rilik jinoyati sodir etilishiga sharoit yaratmoqda.
Aziz tumandoshlar, har birimiz o‘z mol-mulkimizni asrab-avaylashga, uni qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlashga mas’uliyat bilan yondashaylik. Agarda Siz safarga ketishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, yashash xonadoningizni qo‘riqlash pultiga topshirib, doimiy ravishda xonadon eshik-derazalarining mustahkamligiga alohida e’tibor qaratishingizni, avtomashinangizni maxsus avtoturargohlarda saqlashingizni, avtomashina salonida pul va qimmatbaho buyumlarni qoldirmasligingizni, chorva mollarini qarovsiz qoldirmasligingizni so‘raymiz. Ayniqsa, xonadonlarni, savdo va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarni texnik qo‘riqlash pultiga topshirish, videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash mulkingizning xavfsiz saqlanishini kafolatlaydi. Bu bilan Siz peshona teri bilan yiqqan mol-mulkingizni arzimas to‘lov orqali kafolatli qo‘riqlanishiga erishasiz. Aziz fuqarolar! Bugungi kunda o‘tkazgan tahlillarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, qayerda videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan bo‘lsa, shu yerda o‘g‘rilik holatlari deyarli sodir bo‘lmayapti.
Tumanimizning jonkuyar fuqarolari! Shu o‘rinda, ko‘cha va jamoat joylarida arzimagani sabablar bilan tasodifiy tortishuvlar natijasida sodir etilayotgan jinoyatlarga ham e’tiboringizni qaratmoqchiman. Aniq bir jinoyatni sodir qilishga qasdi bo‘lmasa-da, to‘satdan vujudga kelgan holat natijasida, kuchli his-hayajon yoki asabiylashish sababli bir-biri bilan do‘pposlashib, tan jarohati yetkazishmoqda.
Hurmatli fuqarolar! Mahallangiz, oilangiz, yaqinlaringiz orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda sizlardan jonbozlik ko'rsatishingizni so'rab qolamiz. Agarda Sizda fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdidlar bo‘yicha, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar haqida ma’lumotlar bo‘lsa, bizga “102” raqami orqali xabar berishingizni so‘raymiz. Albatta, xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz. Sizning shu xabaringiz orqali og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldi olinishi, insonlar hayoti saqlab qolinishi mumkinligini aslo unutmang. Hech birimiz befarqlikka berilmasligimiz lozim. Agar Sizning ma’lumotingiz asosida og‘ir jinoyatlar to‘xtatib qolinsa, o‘rnatilgan tartibda rag‘batlantirish choralarini ko‘ramiz. Shuni bilingki, jinoyat sodir etilganidan keyin emas, ularni oldindan bartaraf etishga e’tibor qarataylik.
Hurmatli, tumandoshlar! Fursatdan oqilona foydalanib, Siz aziz tumandoshlarimga chuqur hurmat va samimiy tilaklarimni yo‘llayman. Har biringizga baraka, mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga xotirjamlik va farovonlik tilayman. Yurtimizda tinchlik va barqarorlik doimo hukm sursin, osmonimiz musaffo bo‘lsin.
E’tiboringiz uchun rahmat!
