Qorovulbozor tuman hokimi O‘tkir Hamroyevning davlat xizmatchilari va tuman aholisiga murojaati !
2026-03-07 09:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan 2025-yil 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqiga yo‘llagan Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosatida eng ustuvor yo‘nalish sifatida yana bir bor qat’iy belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganlaridek, Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdiddir. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir.
Shu bois 2026 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida “favqulodda holat” e’lon qilinishi butun davlat boshqaruvi tizimi uchun jiddiy ogohlantiruv va mas’uliyatdir.
Darhaqiqat, Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir. Rivojlanib borayotgan mustaqil mamlakatimizda erkin va ozod hayotimizga qora dog‘, illat bo‘lib kelayotgan korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kunning eng dolzarb vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat qaror toptirish o‘ta dolzarb masala bo‘lib, uning to‘laqonli ro‘yobga chiqishi uchun har bir fuqaro o‘zida mas’uliyat his etsa, qo‘yilgan maqsad va muddaolar yechimi paydo bo‘ladi.
Bu kurashda biz ham befarq bo‘lmasligimiz lozim. Yangicha fikrlashga o‘tishimiz, korrupsiyaga undovchi omillarni ochiqchasiga muhokama qilib, biz ham umumiy kurashga qo‘shilmog‘imiz darkor.
Bu ish butun jamiyat a’zolarini, shu Vatanning har bir ongli fuqarosini, farzandlari kelajagiga befarq bo‘lmagan insonlarning kundalik vazifasi bo‘lmog‘i lozim.
Qadrli tumandoshlar !
Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul shaxslar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Har qanday qonunbuzarliklar sodir etilishi va ko‘payishiga ko‘p hollarda o‘zimizning befarqligimiz, loqaydligimiz sabab bo‘lmoqda. Barchaning birdamligi, yakdilligi har qanday illatning batamom barham topishiga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — faqat davlat idoralarining emas, butun jamiyatning umumiy vazifasi. Halollik, adolat va qonun ustuvorligi har birimizdan boshlanadi. Loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, korrupsiya, soxtakorlik, mansab vakolatini suiste’mol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanmog‘i kerak.
Korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, tumanimizni bu borada halollik namunasiga aylantirish yo‘lida barchangizni faollikka chorlaymiz.
Albatta, hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, katta ijobiy samaraga erishamiz.
Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, tadbirkorlar, rahbarlar, deputatlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga qarshi kurashmog‘imiz lozim.
Hurmatli tumandoshlar !
Sizlarni halollik va poklikni hayotiy tamoyil sifatida qabul qilishga, korrupsiyaga qarshi kurashda faol bo‘lishga chaqiraman.
Zero, Korrupsiyaga qarshi kurashish –barchamizning burchimiz.
