Qorovulbozor tumani hokimi O‘tkir Hamroyevning “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan bayram tabrigi.
2026-01-14 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli tumandoshlar!
Avvalo, sizlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
Siz kabi oʻz hayotini Vatan himoyasidek ulugʻ ishga bagʻishlagan botir va dovyurak oʻgʻlonlarimiz va muhtaram faxriylarimizga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman!
Bu ulugʻ sana, avvalo, Vatan sarhadlarini qoʻriqlab, xalqimiz tinchligi, yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan mard va jasur harbiylarimizga boʻlgan yuksak ehtirom va eʼtirof ramzidir. Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, oʻz oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir. Bugun mana shu ezgu burchni sharaf bilan ado etayotgan Vatan himoyachilari bor ekan, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz osoyishtaligi mustahkam kafolatlangan.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” tamoyili asosida erishayotgan barcha yutuqlarimizda sharaf bilan faoliyat yuritayotgan harbiylarimizning beqiyos hissasi bor.
Davlatimiz Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni, muhtaram Prezidentimizning asosiy eʼtibori ham shu sohaga qaratib kelinayotganligi tufayli, yaʼni harbiylarimizning yerda va koʻkda, suvda va quruqlikda olib borayotgan mardona xizmatlari tufayli osmonimiz musaffo, xalqimiz xotirjam yashamoqda, yurtimiz obod, odamlar hayoti farovon boʻlmoqda.
Milliy armiyamiz — mustaqilligimiz, hududiy daxlsizligimizning ishonchli qalqonidir.
Bugun milliy armiyamiz professional, salohiyati kuchli, har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan armiya boʻlib, el-yurt tayanchi va suyanchiga aylandi.
Quvonarlisi, mamlakatimiz armiyasi xalqaro maydonlarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Bu esa milliy armiyaning yuksak mahorati va jangovar tayyorgarligini namoyon etadi.
Xalqimiz sizlar kabi mard va jasur harbiylarimiz timsolida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlarini koʻradi.
Yurtimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligi, xalqimiz tinchlik va totuvligini taʼminlashda hamda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yuksaltirishda biz siz azizlarga tayanamiz.
Fursatdan foydalanib, mard va bahodir yurt posbonlarini tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiy xizmat davomida Vatan himoyachilariga togʻdek tayanch boʻlib kelayotgan ularning oila aʼzolariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”.
Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlar yoshlarimizni Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonda harbiylarimiz yosh avlod uchun ibrat va namuna boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuni alohida qayd etish lozimki, tumanimiz hududida joylashgan harbiy qism hamda tegishli sohalarda xizmat qilayotgan zobit va askarlarimiz, shuningdek, soha faxriylarining fidokorona mehnati har qanday tahsinga loyiq.
Eʼtiborlisi, yoshlarimiz jismonan va maʼnan chiniqqan, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega boʻlgan, Vatan himoyasi uchun doimo tayyor turadigan fidoyi insonlar boʻlib kamol topmoqda.
Mana shu qutlugʻ ayyomda barchamiz sizlarning metin irodangiz, jangovar ruhingiz va shiddatingizga qarab, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz dahlsizligi mustahkam ishonchli qoʻllarda ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Qadrli Vatan himoyachilari!
Ona yurt qalqonlari, tinchlik posbonlari sharaflanadigan mana shu quvonchli kunda siz, azizlarni shonli bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlayman.
Barchangizga muqaddas qasamyodingizga sodiq qolib, xizmat burchingizni yuksak darajada ado etishda mustahkam sogʻliq, ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.
Mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yoʻlidagi fidokorona xizmatlaringiz uchun barchangizga oʻz nomimdan, tumanimiz xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Kuch-gʻayratingiz, shaʼnu sharafingiz yanada ziyoda boʻlsin!
Tinchlik va farovonlik hukm surayotgan mamlakatimizga aslo koʻz tegmasin!
Milliy armiyamiz kuch-qudrati, salohiyati yanada ortaversin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, sarhadlarimiz dahlsiz, Oliy bosh qoʻmondonimiz omon boʻlsin!
