Qorako‘lda Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlikda sut mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etiladi
2025-10-10 22:15:00 / Xalqaro aloqalar

Bir muddat avval Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov boshchiligidagi delegatsiya tumanga xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Turkiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytgan edi. Mazkur tashrifning amaliy natijalari o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Bugun Turkiyaning sut mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan “Aksantaş” kompaniyasi Boshqaruv kengashi raisi Erdal Çiftçi, “NarGIS Trade” kompaniyasi rahbari Nergis Tajieva hamda “Albaraka Türk Katılım Bankası” Konya filialining mudiri Yasin Koç Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda tumanda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga oid loyihalar muhokama qilinib, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, tuman hududida turli xil pishloqlar, shuningdek, yogurt, ayron va sariyog‘ ishlab chiqarishni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, tomonlar boshqa yo'nalishlarda ham hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Mazkur loyiha nafaqat tuman aholisini sifatli sut mahsulotlari bilan ta’minlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini kengaytirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali mahalliy iqtisodiyotning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Yakunda tomonlar qo‘shma loyihalar asosida yangi korxonalar tashkil etishga kelishib oldilar.









