Qorako’l tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Shuxrat Masharipovning tuman aholisiga yo'llagan murojaatnomasi
2025-05-30 10:30:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, Hurmatli yurtdoshlar, tumanimizning aziz mehmonlari!
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2025-yil 17-maydagi 173-sonli farmoyishi qabul qilingan bo‘lib, shunga asosan 2025-yil 20-maydan 20-iyun kuniga qadar Respublika bo‘yicha “Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Dolzarb 30 kun” tadbiri e’lon qilindi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar:
Birinchi, bozor va yirik savdo majmualari, o‘ta muhim, toifalangan va iqtisodiyot obyektlari, yonish-portlash xavfi yuqori obyektlar, shuningdek, odamlar ko‘p yig‘iladigan maskanlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinishini ta’minlash;
Ikkinchi, yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish mavsumida oromgohlar, sanatoriyalar hamda boshqa dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;
Uchinchi, o‘rmon fondi obyektlarini yong‘indan qo‘riqlash;
To‘rtinchi, uy-joy fondi obyektlarining yong‘in xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Barchamizga ma’lumki, yoz mavsumi boshlanishi bilan havo haroratining ko‘tarilishi, ish joyi va aholi yashash uylari xonalarini sovutish ehtiyoji paydo bo‘ladi. Sovutish uchun esa tabiiyki, elektr toki talab qiladigan uskunalardan foydalaniladi.
Statistik hisobotlarga ko‘ra, aholi xonadonlarida sodir bo‘ladigan yong‘inlarning asosiy qismi elektr simlari qisqa tutashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, uzoq yillar davomida foydalanilgan elektr simlariga uyni sovutish maqsadida konditsionerlar ulanib, kabelga ortiqcha yuklanish natijasida qizishi va qisqa tutashuv sodir bo‘lib, yong‘inga olib kelishi mumkin. Konditsioner qancha ko‘p ishlasa, elektr kabellarida shuncha ko‘p issiqlik ajraladi va mazkur issiqlik kabelning himoya qobig‘ini eritib, qisqa tutashuv hodisasini keltirib chiqarishi mumkin. Bunga yana noto‘g‘ri o‘rnatilgan avtomat saqlagich yoki kabelning kesim yuzi kichik bo‘lishi ehtimolini qo‘shsak deyarli 99% holatda yong‘inga sabab bo‘ladi.
Yana ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, ya’ni tandirda non pishirgandan so‘ng yoki o‘choqda ovqat pishirgandan so‘ng kulini o‘chirmasdan ketish oqibatida cho‘g‘ning atrofdagi o‘tinlar, ekinlar yoki boshqa yonuvchi jismlarga o‘tishi, yoki qozonda yog‘ni qarovsiz qoldirish, gulxan yoqib qarovsiz qoldirish, quruq xashaklarni yonuvchi materiallarga yaqin joyda yoqish ham yong‘inga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, g‘alla mavsumida g‘alla maydonlari atrofida ochiq olovdan foydalanish, bebaho ne’mat hisoblangan bug‘doyning yong‘in natijasida nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Shu o‘rinda fuqarolarimizga yoz mavsumida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida elektr uskunalarini nazoratsiz qoldirib ketmaslik, bitta rozetkaga bir nechta elektr uskunalarini ulab foydalanmaslik, umuman olganda, elektr ta’minoti hisobini mutaxassis bilan maslahatlashgan holda aniqlab, so‘ngra foydalanishlari tavsiya qilinadi.
Shuningdek, barcha fuqarolarimizdan, bolalarni uyda qarovsiz qoldirmaslik, gugurt o‘rnaklariga yo‘l qo‘ymaslik, gaz priborlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymasliklarini, ochiq olov manbalarini qarovsiz qoldirib ketmasliklarini so‘rab qolamiz.
Yana kuz-qish mavsumiga hozirdan tayyorgarlik ko‘rish, ya’ni isitish pechlari tutun mo‘rilarini tozalash, eskirganlarini almashtirish kabi choralarni ko‘rishlarni so‘raymiz. Zero yong‘in katta bo‘ladimi, kichikmi har qanday holatda ham inson hayotiga xavf tug‘dirishi, mol-mulkiga zarar yetkazishi aniq.
Shu sababli fuqarolarimizdan “Dolzarb 30 kun” tadbirlarida faol ishtirok etishlari va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishlarini so‘rab qolamiz.
O‘zingizni, oilangizni va yurtning kelajagini ehtiyot qiling.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadoningizga xotirjamlik, fayzu-baraka tilayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
Shuxrat Masharipov Qorako’l tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig'i
