Hokim qabuli: Xalq bilan muloqot — ustuvor vazifa
2026-09-25 16:40:00 / Xalq qabulxonasi qabullari
Fuqarolarning hayotiy muammolarini hal etish, ularning ehtiyoj va talablariga quloq tutish hamda aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Bu esa har bir rahbardan yuksak mas’uliyat, xalq dardi bilan yashash va mavjud muammolarga amaliy yechim topishni talab etadi.

Bugun tuman hokimi Xurshid Toxirov tomonidan Xalq qabulxonasida o‘tkazilgan navbatdagi qabul ham aynan shu jihatdan ahamiyatli bo‘ldi.
Qabul davomida turli masalalar bilan murojaat qilgan 30 dan ortiq fuqaro shaxsan hokim tomonidan tinglandi. Uchrashuvda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish va adolatni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Murojaatlarning asosiy qismi moddiy yordam, ish bilan ta’minlash, elektr va gaz ta’minoti, tibbiy xizmat hamda oilaviy masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi. Har bir murojaat mutasaddilar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi hamda ularning ijrosi yuzasidan mas’ullardan hisobot olinishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, tezkor hal etilishi mumkin bo‘lgan qator muammolar joyida ijobiy yechim topdi.
Bunday qabullar aholi bilan yaqin muloqotni ta’minlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.









