Chovli mahallasida chorvachilikni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda
2026-09-09 20:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunda tadbirkorning xo‘jaligida 70 boshdan ortiq nasldor qoramol parvarish qilinmoqda. Og‘ilxonada Golshteyn, Angus, Simmental, Limuzin va Gerefurd kabi naslli qoramollar boqilib, ularni to‘g‘ri parvarishlash, oziqlantirish hamda naslini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tuman hokimi Xurshid Toxirov tadbirkorning faoliyati bilan yaqindan tanishib, chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi. Suhbat davomida xo‘jalikni yanada kengaytirish, chorva sonini ko‘paytirish va mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Tuman hokimi tadbirkorning tashabbuslarini amalga oshirishda davlatimiz tomonidan mavjud imkoniyatlar doirasida zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Mas’ullarga tadbirkorning faoliyatini kengaytirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni o‘rganish va amaliy yordam berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbirkorning kelgusidagi asosiy maqsadi — chorva mollarini yanada ko‘paytirish, sut va go‘sht yetishtirish hajmini oshirish hamda istiqbolda ushbu mahsulotlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish.
Bunday tashabbuslar hududda chorvachilikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, shuningdek, ichki bozorni sifatli go‘sht-sut mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.









