Qorako‘l tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Hayitov Shahob Qayumovichning MUROJAATNOMASI
2026-09-07 19:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar qatori huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, tizim faoliyatini mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish, soha xodimlarining aholi turli qatlamlari bilan doimiy muloqoti va hamkorligini yanada mustahkamlash borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad ichki ishlar organlarini ushbu tizimda xizmat qilayotgan har bir xodim jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini saqlash yo‘lida chin dildan xizmat qiladigan xalqchil professional tuzilmaga aylantirishdan iborat.
Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Inson qadri ulug‘lanayotgan ana shunday tarixiy sharoitda qishloq, guzar va mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida barchamizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifalar yanada ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbari ham “Davlat va xalq tayanadigan asosiy ustun – qonun uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim esa ichki ishlar sohasi” deya tizimga alohida e’tibor qaratib, bu sohadagi o‘zgarishlarning eng katta zamini — yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik ekanligini qayta-qayta uqtirib keladilar.
Joriy yilning o‘tgan 8 oy davomida Qorako‘l tuman hududida tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish hamda sodir etilgan jinoyatlarni tez fosh etish maqsadida tuman hokimligi va jamoatchilik bilan hamkorlikda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, “Xavfsiz va sog‘lom yurt”, “Tun”, “Xavfsiz hudud”, “Nazorat”, “Turmush”, “Davomat”, “Qidiruv”, “Tong”, “Payshanba-Yoshlar kuni” va boshqa bir qator tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Shunga qaramasdan, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida tumanda 179 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan 2025 yilning shu davriga nisbatan 19 taga (198/179) yoki 9,6 foizga kamaydi.
Jami jinoyatlarning 46 tasini (25,6 %) oldi olinishi lozim bo‘lgan, 130 tasini (72,6 %) aniqlanadigan jinoyatlar va 3 tasini (1,6%) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar tashkil qildi.
Joriy yilning o‘tgan 8 oyida – bezorilik 166,7 foizga (3/8); o‘g‘irlik 85,7 foizga (7/13) va talonchilik 200 foizga (0/2) ko‘paygani o‘ta ayanchli hol.
2026 yilning o‘tgan 8 oyida jami sodir etilgan 179 ta jinoyatlardan 26 tasi mahalla hududida sodir etilgan oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni tashkil qilib, tuman hududidagi 45 ta mahalladan 1 tasi “qizil”, 12 tasi "sariq" va 32 tasi "yashil" toifaga ajratildi.
Shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar orasida voyaga yetmaganlar, muqadam sudlanganlar va ishsizlar tomonidan jinoyat sodir qilinishiga yo‘l qo‘yilmagan, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 35,3foizga (17/11) va mast holatda sodir qilingan jinoyatlar 85,7 foizga kamaygan (7/1) bo‘lsada ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 500 foizga(1/6) va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar 400 foizga (0/4) oshgani o‘ta achinarli ahvol.
Kibermakonda sodir bo‘layotgan jinoyatlar soni hozirgi kunga global muammolardan biri hisoblanadi.
Joriy yil 8 oyida qayd etilgan jinoyatlardan 3 tasi axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgani, shundan 1 tasi firibgarlik va 1 tasi o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil qilgani buning yaqqol isbotidir.
Shu boisdan bundan buyon, asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga qaratamiz, kelgusida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Dunyo miqyosida axborot texnologiyalarining rivojlanishi, XXI asr – axborot texnologiyalari asri bo‘lganligi insonlarga qanchalik qulay bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik ularning hayoti va shaxsiy ma’lumotlariga bo‘lgan xavfsizlikning kamayishiga olib keldi. Insonlar o‘rtasida elektron pullar ishlatilib, ularning qancha qulayligi ortgan bo‘lsa, ularga nisbatan hujum ham shu darajada ortdi. Aynan ushbu sohalardagi xavfsizlik “Kiberxavfsizlik” bilan ta’minlanadi.
Kibermakondagi jinoyatlarning boshqa jinoyatlardan farqi shundaki, bu jinoyatni shaxs masofadan sodir qiladi, inson bu jinoyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaydi, bu jinoyatda inson hayotiga emas, balki ma’lumotlariga hujum bo‘ladi. Shuning uchun bu kabi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun mamlakatda samarali ish olib boruvchi organlar tizimini yaratishni taqozo qiladi.
Hozirgi kunda fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganib chiqilganda, fuqarolar tomonidan Telegram ilovasi orqali kelgan “sudga chaqiruv xati.apk” hamda “bu sening fotosuratlaring.apk” nomli zararli ilovalarni o‘z telefon apparatlariga yuklab olganligi sababli plastik kartalarida bo‘lgan pul mablag‘lari yechib ketilayotganligi va “uyda o‘tirib treyding orqali oson pul topishingiz mumkin” mazmundagi har xil yolg‘on xabarlarga ishonib, o‘zlari pul mablag‘larini tashlab berib aldanib qolayotganligi sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini kiberfiribgarlik va raqamli tahdidlardan himoya qila olishi uchun quyidagi asosiy tavsiyalarni yodda tutishi zarur.
Kiberjinoyatlardan himoyalanishda sizing hushyorligingiz va ogohligingiz juda muhimdir.
Bugungi kunga kelib, kiberfiribgarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni ishontirish yo‘li bilan turli xildagi mol-mulklarini qo‘lga kiritmoqdalar.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ularni “issiq izidan” fosh etish va fuqarolarning kiber savodxonligini oshirish bo‘yicha doimiy ravishda chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, fuqarolarimiz tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 30 apreldagi PQ–153-son qarori bilan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilinib, mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlashning normativ-huquqiy, tashkiliy va profilaktik asoslari mustahkamlandi.
Kiberjinoyatlardan jabrlanib qolmaslik uchun doimiy ravishda pul evaziga nomingizga bank plastik kartasi ochib, firibgarlar tomonidan taklif qilinayotgan arzon narxdagi mol-mulklarni sotishni bildirib, plastik kartalar orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirib olayotganliklarini unutmang.
Yaqin tanishlaringizning akkauntidan “sudga chaqiruv xati”, “sening rasmlaring”, “to‘yga taklifnoma” kabi boshqa nomlar ostida kelayotgan zararli APK ilovalar va shubhali havolalar ustiga bosmang va mobil qurilmangizga o‘rnatmang.
“Bank xodimi” niqobi ostida qo‘ng‘iroq qilib, kredit, fond mablag‘i yoki pensiya tayinlash bahonasida shaxsiy ma’lumotlaringizni so‘rashlari mumkin. Unutmang: hech qachon pasport raqami, karta ma’lumotlari yoki suratlaringizni notanishlarga yubormang.
Ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruhlarda qisqa muddatda pulingizni bir necha barobarga ko‘paytirib berishni va’da qilayotgan, o‘zini soxta treyder, biznesmen, bukmeker va boshqa soha vakili sifatida tanishtirayotgan firibgarlarga ishonib qolmang.
Onlayn savdo platformalarida bahosi o‘z narxidan ancha arzon qilib ko‘rsatilgan buyumlarni xarid qilishga shoshilmang. Ijtimoiy tarmoqlarda katta miqdordagi oylik maosh evaziga onlayn ish taklif qilayotgan shaxslar aldoviga uchib, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlarni begona shaxslarga yubormang.
Aziz vatandoshlar!
Barchangizni jinoyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda faol hamkorlikka chaqiramiz.
Agarda, Sizda fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida ma’lumotlar bo‘lsa, bizga “112” qisqa raqami orqali yoki eng yaqin ichki ishlar organlariga xabar berishingizni so‘raymiz.
Albatta xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz. Shuni e’tiborga olingki, bu, davlat va jamiyat oldidagi o‘z burchiga sodiqlik hisoblanadi. Sizning shu xabaringiz orqali og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldi olinishi, insonlar hayoti saqlab qolinishi mumkinligini aslo unutmang. Hech birimiz befarqlikka berilmasligimiz lozim.
Hurmatli fuqarolar!
Yana bir bor ta’kidlayman: jinoyatning har qanday ko‘rinishiga zudlik bilan munosabat bildirib, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muqarrarligiga shaxsan kafolat beraman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
