“Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari yoshlarni birlashtirmoqda
2026-06-22 15:25:00 / Mahalliy yangiliklar
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqishlari va iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida Qorako‘l tumanida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasidagi tadbirlar izchil davom etmoqda.

Navbatdagi tadbirlar Mallaishayx va Xo‘jakon mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi 20-sonli umumta’lim maktabi yoshlari ishtirokida tashkil etildi. Unda yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy hamda sport yo‘nalishlarida qiziqarli dasturlar tashkil qilinib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
Tadbir davomida yoshlar shaxmat, shashka, stol tennisi hamda turli milliy o‘yinlar bo‘yicha bellashib, o‘zaro kuch sinashdilar. Ushbu musobaqalar orqali ularning chaqqonligi, mantiqiy fikrlashi, jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalari va iqtidorlari namoyon bo‘ldi.
Bunday tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish bilan birga, ularni do‘stlik, hamjihatlik va faol hayot tarziga chorlamoqda. “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasidagi bu kabi uchrashuvlar kelgusida ham davom ettiriladi.




