Qorako‘l tumani delegatsiyasi Janubiy Koreyada ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi
2026-03-13 20:25:00 / Yangiliklar

Navbatdagi tashrif davomida delegatsiya a’zolari Janubiy Koreyaning qadoqlash sanoatida faoliyat yurituvchi JU Young Packaging Solution Co., Ltd. korxonasiga tashrif buyurib, zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur korxona zamonaviy texnologiyalar asosida qog‘oz va karton qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularga turli brend va kompaniyalarning logotiplarini yuqori sifatda bosib berish bilan shug‘ullanadi. Korxonada mahsulotlar tayyorlash jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, xomashyoni qayta ishlashdan tortib, tayyor mahsulotni qadoqlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlar zamonaviy uskunalar yordamida amalga oshiriladi.
Tashrif davomida delegatsiya vakillari ishlab chiqarish liniyalari, bosma texnologiyalari hamda sifat nazorati tizimi bilan tanishib, mutaxassislar bilan fikr almashdilar. Suhbat jarayonida zamonaviy qadoqlash sanoati, ekologik toza xomashyo asosida mahsulot ishlab chiqarish hamda xalqaro bozor talablariga mos mahsulot tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Qorako‘l tumanida ham shunday zamonaviy qadoqlash va bosma mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish hamda bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.









