Qorako‘l tumanida “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda
2026-03-13 17:15:00 / Yangiliklar

Azal-azaldan xalqimiz daraxt ekishni savob amal, uni parvarishlab voyaga yetkazishni esa ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan ezgu qadriyat deb bilgan. Niholni mehr bilan parvarishlash, atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish an’anasi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” loyihasi esa ushbu qadriyatni yanada keng qamrovli, butun yurt bo‘ylab umumxalq harakatiga aylantirdi.
Ayni kunlarda Qorako‘l tumanida ham ko‘chat ekish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Mahallalarning qiyofasini yaxshilash, ekologik muhitni sog‘lomlashtirish hamda yangi yashil hududlar barpo etish maqsadida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan kuz mavsumida tumanning Chandirobod mahallasida 22 gektar maydon to‘liq tozalanib, bu yerda “Mahalla bog‘i” tashkil etish uchun ko‘chat ekish ishlari boshlangan edi.
Bugun mazkur tashabbusning davomi sifatida hududda yana keng ko‘lamli ko‘chat ekish ishlari olib borildi. Loyihaning eng e’tiborga molik jihatlaridan biri shundaki, ekilayotgan barcha daraxt ko‘chatlari tuman hududining o‘zida yetishtirilgan. Bu esa nihollarning mahalliy tuproq va iqlim sharoitiga tez moslashishi, ularning yashab ketish darajasi hamda rivojlanishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
— Ko‘chat ekib bog‘ yaratish, tabiatni asrab-avaylash xalqimizning ming yillardan buyon davom etib kelayotgan ezgu qadriyatidir. Ajdodlarimiz yangi tug‘ilgan farzandga atab, uning nomi bilan daraxt qadab qo‘ygan. Farzand ham, daraxt ham birga kamol topgan. Biz ham shu an’anani davom ettirib, kelajak avlodlarga yashil, sog‘lom va obod muhit qoldirishimiz zarur, — deydi To‘lqin Sayidov.
Ta’kidlash joizki, avval tashlandiq va qarovsiz bo‘lib yotgan mazkur hudud dastlab begona o‘tlardan tozalandi. So‘ng yer chuqur shudgor qilinib, zarur mineral o‘g‘itlar bilan boyitildi. Yillar davomida foydalanilmay kelgan bo‘sh yer bugun haqiqiy yashil maskan — zamonaviy bog‘ barpo etish uchun tayyor holga keltirildi.
Bugungi kunda olib borilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari nafaqat hududning ekologik holatini yaxshilash, balki aholining dam olishi uchun qulay yashil maskanlar yaratishga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu kabi ezgu tashabbuslar jamiyatda tabiatga mehr, atrof-muhitni asrash va obodlikka hissa qo‘shish tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.









