Qorako‘l tuman hokimi Xurshid Toxirovning davlat fuqarolik xizmatchilariga MUROJAATI
2026-03-02 18:05:00 / Rasmiy xabarlar

Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya va Milliy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sohaga oid bir qator qonun, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi korrupsiya xavfini sezilarli darajada kamaytirdi.
Shu o‘rinda, Prezidentimizning o‘tgan yil yakunida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida urg‘u berib, 2026-yilni korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili sifatida belgilab berganliklarini yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Shunga ko‘ra, davlat organlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Shuningdek, yaqin vaqt ichida vazirliklar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida Hisob palatasining vakili faoliyati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Ushbu rahbarlarga tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi holatlarining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ham davlat organlarining ochiqligini nazorat qilish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berildi. Bu o‘zgarishlarning barchasi 2026-yilda korrupsiya illatiga qarshi kurashish mamlakatimizda yanada keskin va murosasiz tus olishini anglatmoqda.
Davlat rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, tuman hokimligi tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, tumandagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, davlat unitar korxonalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish tartibiga qat’iy amal qilinmoqda. Shuningdek, Davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender(tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Tuman hokimligi tomonidan yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish amaliyoti bekor qilinib, yerlarni faqat auksion orqali sotish amaliyoti joriy etildi. Bulardan ko‘zlangan maqsad esa korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, halq ishonchini oqlash va korrupsiyasiz sohalar sonini oshirishdan iboratdir.
Shu o‘rinda, Davlat organlarining xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘zlariga murojaat etganligiga doir barcha holatlar to‘g‘risida, shuningdek davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yohud huquqni muxofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shartligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.
Ushbu majburiyatning bajarilmasligi esa qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qadrli, hamkasblar!
Xulosa o‘rnida yana bir bora aytmoqchimanki, Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiya davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan jiddiy tahdid sifatida qayd etildi. Bu illatga yo‘l qo‘yish islohotlarga xiyonat deb baholanishi bildirildi.
Shundan kelib chiqib, barchamiz ushbu Murojaatnomada korrupsiya illatiga qarshi yangragan chaqiriqlar hamda bu borada boshlangan ishlar mavsumiy emasligi, balki muqarrar va tizimli tusga ega ekanligini hech qachon unutmaylik.
Toki, jonajon Xalqimiz xizmatida ekanmiz, o‘z faoliyatimizda hamisha halollikni, oshkoralikni hamda korrupsiyaga qarshi mutlaqo toqatsizlikni namoyish etmog‘imiz lozim.
