Qorako‘l tumanida 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-02-02 16:25:00 / Mahalliy yangiliklar

Ochiq muloqotda Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov, Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov, viloyat iqtisodiy kompleksi rahbarlari, tijorat banklari mas’ullari, hokim yordamchilari hamda tegishli soha va tashkilotlarning mas’ul vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini hududlarga jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish hamda infratuzilmani yaxshilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov o‘z nutqida hududlarda iqtisodiy faollikni oshirish, banklar va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, har bir loyiha ijrosini manzilli va natijador tarzda tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, davlat dasturlari doirasida berilayotgan imtiyozlar va moliyaviy ko‘maklardan samarali foydalanish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Tuman hokimi Xurshid Toxirov esa ochiq muloqot aholi va tadbirkorlarning muammolarini joyida eshitish, mavjud masalalarga tezkor va samarali yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. U hokim yordamchilari faoliyatini yanada kuchaytirish, mahallalarda yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni tizimli olib borish zarurligini ta’kidladi.
Ochiq muloqot yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur ochiq muloqot Qorako‘l tumanida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, aholi va tadbirkorlar bilan samarali muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.









