Qorako‘l tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Hayitov Shaxob Qayumovichning MUROJAATNOMASI
2025-12-13 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Inson qadri ulug‘lanayotgan ana shunday tarixiy sharoitda qishloq, guzar va mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida barchamizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifalar yanada ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbari ham “Davlat va xalq tayanadigan asosiy ustun – qonun uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim esa ichki ishlar sohasi” deya tizimga alohida e’tibor qaratib, bu sohadagi o‘zgarishlarning eng katta zamini — yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik ekanligini qayta-qayta uqtirib keladilar.
Xabaringiz bor, 2021 yildan boshlab yurtimizda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “mahallabay ishlash” tizimi tatbiq etilgan edi. Unga ko‘ra, har bir mahallaga alohida yondashgan holda, manzilli ish olib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yildan boshlab “mahalla beshligi” – “mahalla yettiligi”ga aylantirilib, uning faoliyatiga aholining ijtimoiy muammolarini aniqlash va hal etishga qaratilgan “jinoyatlarning ijtimoiy profilaktikasini amalga oshirishga” tayanadigan yangicha ishlash tizimi joriy qilindi.
Eng asosiysi, sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari bevosita aholi ishtirokida joylarda muhokama qilinadigan, jamoat xavfsizligi uchun mas’ullar bevosita mahallaning o‘zida hisobot beradigan bo‘ldi.
Tinimsiz mehnati, keng dunyoqarashi, tadbirkorligi hamda mehmondo‘stligi bilan ajralib turuvchi, bag‘rikenglik qon-qoniga singib ketgan tumanimiz aholisi tinch-totuv, baxtiyor xayotni yuksak qadrlaydi.
Sizlar har bir sohada yuksak natijalarga erishishga intilishlaringiz, fidoyi va jasur mehnatingiz orqali tumanimizni yanada obod va farovon qilishga o‘z hissasini qo‘shmoqdasiz. Binobarin mehnatingizning natijasi – bu nafaqat tumanimizni rivojlantirish, balki mamlakatimiz ravnaqi uchun mustahkam poydevor yaratishdir.
Dunyo bo‘ylab sodir bo‘layotgan voqealardan xabaringiz bor. Cheksiz minnatdorlik bilan aytishimiz mumkinki, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hukm surib, har birimizning hayotimizda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Yurtda davom etayotgan izchil taraqqiyotni ko‘zimiz bilan ko‘rib, qalbimizda his qilib, kundalik turmushimizda sezib yashamoqdamiz.
Shubhasiz, bularning barchasi Prezidentimizning tinimsiz mehnati, dono siyosatlari va ulkan sa’y-harakatlari natijasidir.
Shu o‘rinda, yon-atrofimizdagi tahlikali vaziyat, chigallashgan makonda mamlakatimiz taqdiriga, ayniqsa yoshlar ongiga ijtimoiy tarmoqlar yordamida “ommaviy madaniyat”, “soxta demokratiya”, noto‘g‘ri diniy tushunchalar orqali tahdid bo‘layotgani ham ta’kidlash joiz.
Yuqoridagi nuqtai nazardan kelib chiqib fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, huquq va erkinliklarini ishonchli ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan manzilli ishlarni yanada kuchaytirishimizni taqozo etmoqda.
Qorako‘l tumanida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator tezkor va profilaktik tadbirlar amalga oshirib kelindi.
Shunga qaramasdan, joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida tumanda 193 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan (176/193) 17 taga yoki 9,7 foizga ko‘pdir. Bu jinoyatlarning yarmidan kamrog‘ini (46,11%) oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni tashkil qildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida nomusga tegish jinoyati 1 taga (2/1); o‘g‘irlik 4 taga (16/12); firibgarlik 4 taga (24/20); yengil tan jarohati yetkazish 9 taga ga (15/6); oilaviy zo‘ravonlik 1 taga (3/2); yo‘l transport hodisasi 5 taga (22/17); shundan o‘lim bilan bog‘liq YTX 2 taga (6/4) kamayishiga erishilgan bo‘lsada bezorilik 3 taga (3/6); og‘ir tan jarohati yetkazish 1 taga (2/3) va o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish 1 taga (3/4) ko‘paygani hamda qotillik kamaymagani (3/3) o‘ta ayanchli.
11 oy davomida 22 ta mahallada oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, tumandagi 45 ta mahalladan 3 tasi "qizil", 16 tasi "sariq" va 26 tasi "yashil" toifaga ajratildi.
Shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar orasida ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 3 taga (7/4), yoshlar tomonidan 5 taga (35/30), voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 5 taga (7/2), mast holatda jinoyat sodir qilish o‘tgan yilga nisbatan 6 taga (13/7) va ilgari sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 7 taga (16/9) ga kamayishiga erishildi.
Hozirgi kunda, axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning ortib borayotgani tashvish uyg‘otmoqda.
Jinoyatchilar fuqarolar ishonchiga kirish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanib, mashhur insonlarning sohta videolarini tayyorlashmoqda, boshqa bir holatda esa “ushbu sur’atdagi senmi” yoki “to‘yga taklifnoma” mazmunidagi fayllar yuborish orqali fuqarolar plastik kartasidagi pullarni osongina qo‘lga kiritishni ko‘zlamoqda.
Bu turdagi jinoyatlarga barham berishning eng samarali yo‘li, aholida kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir. Barchamiz nafaqat o‘zimizni balki yon atrofdagilarni bu jinoyatlardan himoya qilishni o‘rganishimiz kerak. Ba’zan haddan tashqari ishonch va oson yo‘l bilan boyish istagi o‘zimiz bilmagan holda turli tuzoqlarga ilinib qolishimizga olib kelmoqda. Shu sababli aholimizdan quyidagilarga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz:
Bugungi kunda bu turdagi jinoyatlar ham zamonaviylashgan, giyohvand hamda psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanish ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan!
Internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar” orqali jinoyatlar sodir etilmoqda.
Bu jarayonga bizning sodda yoshlarimiz, ayniqsa voyaga yetmaganlarning jalb etilayotgani esa o‘ta xatarli. Bu jinoiy guruhlar faoliyati xorijdan turib boshqarilmoqda. Ularga yetib borish turli qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Buni yashirolmaymiz albatta.
Ammo, fuqarolarimizdagi loqaydlik va atrofdagi hodisalarga bee’tiborlik ham aynan ushbu turdagi jinoyatlarning keng quloch yoyishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuning uchun fuqarolarimizdan iltimos qilamiz: internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan turli xil yolg‘on (feyk) xabarlardan ehtiyot bo‘lishlari, bank kartalari va hisob raqamlari haqidagi ma’lumotlarni sir tutishlari zarur.
Yana bir masala, aksariyat hollarda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan va undan zaharlangan yoshlarning aksariyatini ularning yaqinlari bilgan, ko‘rib turgan. Biroq mustaqil va yashirincha harakat qilib, tegishli idoralarga o‘z vaqtida ma’lum qilmaganlar.
Giyohvand moddalar yoki kuchli ta’sir qiluvchi dorilar iste’moli ta’siri ostida har qanday jinoyatlar, ayniqsa eng og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishi muqarrar va biz bu holatlarni o‘z tajribamiz davomida ko‘rib turibmiz.
Bunday vositalar ta’siri ostida transport vositalarini boshqargan shaxslar esa og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini sodir etishlari mumkinligini ham unutmaslik kerak. Bunday shaxslar nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqa begunoh insonlarning ham hayotiga nuqta qo‘yishi yanada achinarlidir.
Jinoyat sodir etishi yoki jinoyat qurboni bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan “ijtimoiy profilaktika” tadbirlari samaradorligi oshirilib, mavjud ijtimoiy muammolar tuman hokimligi hamda boshqa huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda kunlik joyida bartaraf etish choralari ko‘rib borilmoqda.
Xususan, oilaviy nizolar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar har kuni tahlil qilinib, tumanning bu yo‘nalishdagi tegishli mas’ul xodimlari ishtirokida joylarda muhokama qilinib kelinishiga qaramasdan, oila turmush sohasida sodir etilayotgan jinoyatlar tez-tez uchrab turibdi.
Aziz vatandoshlar!
Barchangizni jinoyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda faol hamkorlikka chaqiramiz.
Agarda, Sizda fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida ma’lumotlar bo‘lsa, bizga “102” qisqa raqami orqali yoki eng yaqin ichki ishlar organlariga xabar berishingizni so‘raymiz.
Albatta xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz. Shuni e’tiborga olingki, bu, davlat va jamiyat oldidagi o‘z burchiga sodiqlik hisoblanadi. Sizning shu xabaringiz orqali og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldi olinishi, insonlar hayoti saqlab qolinishi mumkinligini aslo unutmang. Hech birimiz befarqlikka berilmasligimiz lozim.
Hurmatli fuqarolar!
Yana bir bor ta’kidlayman: jinoyatning har qanday ko‘rinishiga zudlik bilan munosabat bildirib, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muqarrarligiga shaxsan kafolat beraman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
