Korrupsiyaga qarshi kurashish, maqsad va vazifalar
2025-08-22 18:15:00 / Korrupsiyaga qarshi kurash

Korrupsiya keng qamrovli tushuncha bo‘lib, u jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlari kundalik faoliyatiga aylanib, o‘zaro bir-biriga bog‘lanib,chirmashib ketganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. “Nozik”, “chigalroq” ushbu masalada davlatning huquq-tartibot idoralari birmuncha hushyor, ziyrak bo‘lishi, shuningdek nodavlat tashkilotlari, turli komissiyalar, jurnalistlar, mustaqil sudlar tizimi faolroq ishlashi haqida tadqiqotchilar anchadan beri yozib keladi. Siyosatchilar, sotsiologlar, psixologlar, tarxichilar, davlat hamda jamoat organlari, siyosiy partiyalar, eng muhimi, amaliyotchilar masalani tahlil etish va yechimini topish ustida bosh qotirishi lozim.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi; uchunchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, g‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mamun mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Jamiyatda ustuvor soha-ta’lim tizimida tahsil oladigan o‘smirlar, yoshlar ongida tolerantlikni uyg‘otish muammosi oldimizda ko‘ndalang turibdi. “Jamiyatda poraxo‘rlik illatini yengib bo‘lmaydi”, degan fikr yoshlar ongida shakllanib qolgani eng katta kamchiligimizdir.
Bu borada o‘nglanish, siljish qilmasak, millatimiz obro‘siga korrupsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bog‘chada, maktabda o‘g‘il-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga tamagirlik, poraxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormasaq, maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.
Korrupsiya va milliy tarqqiyot masalasi-yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sababi yurtimiz aholisi bir asrlik mustamlakachilik davrida yo‘qotilgan moddiy hamda ma’naviy boyliklar o‘rnini qayta tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy o‘zlikni asrash yo‘lida kechayu-kunduz mehnat qiladigan davr keldi.
Muxtasar aytganda, korrupsiya-taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qiziriq tuman sudi sudya yordamchisi: X.Abdusalomova
