QIZIRIQ TUMANI IIB BOShILG‘I PODPOLKOVNIK S.F. NAZIROVNINIG TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-11-05 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli Qiziriq tumani fuqarolari va mehmonlari!
Bugungi kunda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi turmushimizga ko‘plab qulayliklar yaratish bilan birga, kiberjinoyatchilik kabi yangi xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Afsuski, internet va axborot tizimlaridan g‘arazli maqsadda foydalanayotgan shaxslar fuqarolarimizning moliya vositalari va shaxsiy ma’lumotlariga tajovuz qilishga urnmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, firibgarlar asosan bank plastik kartalari ma’lumotlarini aldov yo‘li bilan egallash, SMS-kodlarni qo‘lga kiritish, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on aksiyalar uyushtirish hamda shubhali ilova va havolalar tarqatish orqali yurtdoshlarimizni chalg‘itishga urinishmoqda.
Kiberfiribgarlarning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun quyidagi holatlardan ogoh bo‘ling:
Chala onlayn xaridlar: Mahsulotni ko‘rmay va uning mavjudligiga to‘liq ishonch hosil qilmay turib, oldindan to‘lov (avans) o‘tkazish;
Soxta yutuq va yordamlar: “Yutuqli o‘yin g‘olibi bo‘ldingiz”, “Sizga moddiy yordam ajratildi” mazmunidagi asossiz xabarlarga ishonish;
Shubhali havola va dasturlar: Noma’lum manbalardan kelgan havolalarga kirish, begona ilovalarni telefonga o‘rnatish;
Maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish: Bank kartasi raqami, PIN-kod hamda telefoningizga kelgan bir martalik SMS-tasdiqlash kodlarini kim bo‘lishidan qat’i nazar boshqalarga berish.
Yodda tuting! Hech bir bank xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili telefon orqali sizdan kartangizning PIN-kodi yoki SMS-kodni so‘ramaydi.
❗️ Hurmatli tumanimiz ahli!
Internet olamida xavfsizlikni ta’minlash va o‘zingizni kiberhujumlardan himoya qilish uchun quyidagi qoidalarga qat’iy rioya qilishingizni so‘rayman:
➖ Noma’lum va shubhali havolalarni (ssilka) aslo ochmang;
➖ Bank va shaxsiy ma’lumotlaringiz maxfiyligini ta’minlang;
➖ Onlayn savdo va xizmatlardan foydalanishda sotuvchining ishonchliligini tekshiring;
➖ Buyurtma qilingan mahsulot qo‘lingizga tegmaguncha shubhali to‘lovlarni amalga oshirmang;
➖ Farzandlaringizning internetdagi faoliyati va virtual muloqotiga e’tiborli bo‘ling;
➖ Har qanday shubhali qo‘ng‘iroq yoki xabarni tekshirmasdan turib, shoshilinch qaror qabul qilmang.
Agar siz kiberfiribgarlik yoki boshqa qonunbuzarlik holatlariga duch kelsangiz, zudlik bilan tuman Ichki ishlar bo‘limiga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Kiberxavfsizlik — har birimizning hushyorligimiz va mas’uliyatimizdan boshlanadi!
O‘zingiz va yaqinlaringiz mol-mulkini kiberjinoyatchilardan birgalikda asraylik.
