Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Qonunining mazmun-m
2026-09-23 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

So‘ngi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan bu borada O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil
11-sentyabrdagi «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1175-sonli Qonuni bilan bir qator qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarini yo‘qotilgan biometrik pasportlar (identifikatsiyalovchi ID-kartalar) o‘rniga biometrik pasportlar (identifikatsiyalovchi ID-kartalar) berganlik uchun, nikoh tuzilganligi to‘g‘risida va tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etish, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning yo‘qotilgan bank kartasini tiklash uchun tijorat banklariga murojaat qilish to‘g‘risida notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtirilgan ishonchnomalarini tasdiqlash kabi huquqlar berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyunda qabul qilingan «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi Qonuniga ham qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga alimentlarni undirish, bolalarning ta’minoti uchun qilinadigan qo‘shimcha xarajatlarni undirish, uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish va ko‘chirish, otalikni belgilash yoki otalik huquqidan mahrum qilish, bolaning yashash joyini belgilash, bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash, nikohdan ajratish haqidagi, mol-mulkni bo‘lish, mol-mulkni boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olish, mol-mulkka yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, ishga tiklash, ish haqini undirish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining huquq va erkinlarini to‘liq amalga oshirishga, sudlarga murojaat qilishda huquqiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Sariosiyo tumanlararo sudi sudyasi B.X.Djurayev
