KORRUPSIYAGA QARShI KURAShIShDA YANGI DAVR: JAVOBGARLIK MUQARRARLIGI TA’MINLANADI
2026-07-10 13:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish, davlat organlari faoliyatida oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash izchil islohotlarning bosh mezoniga aylandi.
Bu boradagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash maqsadida 2026 yil 22 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1155-sonli Qonun bu yo‘nalishda tub burilish yasadi.
Mazkur qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik hamda aholi o‘rtasida atroflicha tushuntirish maqsadida Surxondaryo viloyat sudi raisi tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tumanimizda ham faol targ‘ibot-tashviqot tadbirlari izchil olib borilmoqda.
Xo‘sh, yangi Qonun davlat va jamiyat hayotiga, xususan, soha rivojiga qanday muhim yangiliklarni olib kirdi? 1. Korrupsionerlarning elektron reestri yuritiladi
Endilikda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslarning alohida elektron reestri joriy etiladi. Ushbu reestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan jiddiy taqiq va cheklovlar belgilandi: Ular qayta davlat xizmatiga qabul qilinmaydi;
Saylanadigan lavozimlarga nomzod sifatida ko‘rsatilishi taqiqlanadi; Davlat xaridlarida ishtirok eta olmaydi. Bu tizim korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarning davlat boshqaruviga qayta yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslikning ishonchli filtri hisoblanadi. 2. «Korrupsiyaga oid jinoyatlar» tushunchasiga ilk bor huquqiy ta’rif berildi Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qonunchilikda ilk marotaba korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasi aniq ajratib berildi va unga 18 turdagi jinoyatlar (jumladan, hokimiyat yoki mansab mavqeini suiiste’mol qilish, pora olish-berish, pora berishda vositachilik qilish va boshqalar) kiritildi. 3. Jazo choralari kuchaytirildi va yengilliklar berilmaydi Qonunga muvofiq, eng og‘ir korrupsiyaviy jinoyatlar, ayniqsa tizimli va yuqori darajadagi mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytirildi.
Eng muhimi, 5 turdagi korrupsion jinoyatlar bo‘yicha mahkumlarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari mutlaqo qo‘llanilmaydi. Bu jazoning muqarrarligini ta’minlashdagi eng qat’iy qadamdir. 4. Komplaens va ichki nazorat tizimining huquqiy asoslari mustahkamlandi Bundan buyon barcha davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplaens) tuzilmalari faoliyatining qonuniy asoslari yaratildi. Ushbu bo‘linma xodimlarining mustaqilligi va xavfsizlik kafolatlari ta’minlanadi hamda ularning faoliyati Prezident Administratsiyasining Komplaens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bu tarqoq kurashishdan yagona va yaxlit tizimli nazoratga o‘tilganini anglatadi. 5. Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi yaratiladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi. Bu maishiy korrupsiyadan tortib yuqori bo‘g‘ingacha bo‘lgan zanjirlarni aniqlash va ularni barvaqt bartaraf etish imkonini beradi. Xulosa o‘rnida
Yangi qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda huquqiy davlat asoslarini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilishda strategik ahamiyatga ega. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi raisi A.Kurbanov Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi tergov sudyasi A.B.Xakimov
