KORRUPSIYA TARAQQIYOTGA G‘OV.
2026-06-12 10:00:00 / Ochiq ma'lumotlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak” deb ta’kidlangan edi.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi, manfaatlar to‘qnashuvi shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat hisoblanadi.
Mazkur qonunga ko‘ra, korrupsiyaning holatini, xususiyatini, miqyoslarini, o‘zgarishlarini va tendensiyalarini, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilish samaradorligini o‘rganish davlat organlari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek fuqarolar bilan hamkorlikda sotsiologik, maxsus, ilmiy tadqiqotlar hamda boshqa turdagi tadqiqotlar o‘tkazish yo‘li bilan doimiy asosda amalga oshiriladi.
Sotsiologik tadqiqotlar korrupsiyaga eng ko‘p duchor bo‘lgan tarmoqlar va sohalarni, uning yuzaga kelishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, shuningdek mazkur faoliyatga jalb etilgan ijtimoiy guruhlarni aniqlash maqsadida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish va boshqa usullardan foydalanish yo‘li bilan jamoatchilik fikrini tizimli o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Maxsus tadqiqotlar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati natijalarini, korrupsiyaga oid jinoyatchilikning holatini, korrupsiya ko‘rsatkichlarining statistika hisobini muntazam ravishda tizimli tahlil qilishni, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning xususiyati va miqyoslarini, o‘zgarishlari va tendensiyalarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Ilmiy tadqiqotlar korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni, ilmiy uslubiyotlar va tavsiyalar ishlab chiqishni, ularni amaliyotga oqilona joriy etishni, korrupsiyaga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan shakllar va usullar samaradorligini prognoz qilish hamda ilmiy tahlil etishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi 829-sonli qaroriga ko‘ra, korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarliklar -O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 611-moddasi, ya’ni nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, 1931-moddasi, ya’ni davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish va 1932-moddasi, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi va 1934-moddasi, ya’ni Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslikda nazarda tutilgan huquqbuzarliklar, korrupsiyaga oid jinoyatlar-O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 167-moddasining ikkinchi qismi “g” bandi, ya’ni mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish sodir etilgan bo‘lsa, 168-moddasining uchinchi qismi “v” bandi, ya’ni xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik, 1929 va 19210, 205, 209-214-moddalari, 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni mansab mavqeidan foydalangan holda sodir etish hamda 301-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlar hisoblanadi.
Davlat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va rag‘batlantiradi.
Xulosa shuki, dunyodagi har bir davlat korrupsiyaga qarshi kurashishda keskin chora-tadbirlarni doimo ko‘rib kelmoqda, chunki korrupsiya taraqqiyotning rivojlanishiga g‘ov bo‘luvchi omillardan biri hisoblanadi.
X.Xakimov Surxondaryo viloyat ma’muriy sudi sudyasi
