Qiziriq tuman IIB boshlig‘i Nazirov Saydulla Fayzullayevichning tuman aholisiga murojaati
2026-06-01 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 5 yanvar kuni “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli hamda “2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2-sonli qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar bilan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
Qiziriq tumanida mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, Prokuratura, Ichki ishlar bo‘limi, tuman Qo‘riqlash bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning qo‘shma qarori tasdiqlandi. Shuningdek, ilmiy-amaliy yondashuvlar va tahlillar asosida 2026 yil 5 oyi davomida tumandagi 31 ta mahallada xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, qolaversa, o‘tgan davr mobaynida mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan rejalar belgilab olinib, tuman va mahallalar kesimida manzilli chora-tadbirlar “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi hamda ijro uchun mas’ullar belgilandi.
Tumandagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 5 ta mahalla ya’ni Rabotak, Do‘stlik, Takiya, Shodlik va Oqjar mahallalariga tumandagi mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi. Shu bilan birga, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga doir ma’lumotlar “mahalla yettiligi”ga taqdim etilishi natijasida bugungi kunga qadar 1462 nafar fuqaroning muammolari o‘rganilib ijobiy hal etildi va qo‘shma xulosalar tuzildi.
Bundan tashqari, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar tomonidan kelgusida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 36 nafar shaxslar belgilangan tartibda majburiy davolanish uchun viloyat narkologiya shifoxonasiga yotqizilishi ta’minlandi.
Tumandagi huquq tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda aholi orasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari natijasida 130 dan ziyod xonadonlar va 50 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan texnik qo‘riqlovga olinishiga erishildi.
Shu o‘rinda siz aziz fuqarolardan, kelgusida o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlarni oldini olish, shuningdek, o‘z xonadonlaringiz hamda boshqa mol-mulklaringizni xavfsizligini ta’minlash maqsadida tumandagi Qo‘riqlash bo‘limining texnik qo‘riqlov pultiga ulanishingizni tavsiya etaman.
