QIZILTEPADAGI MAKTABLARDA YANGI O‘QUV YILIDA 25480 O‘QUVCHI O‘QIYDI
2026-09-02 12:00:00 / Yangiliklar

Bugun tumandagi barcha maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi.
Tuman hokimi Bekzod Bobomurodov 8,5 mlrd. so‘m mablag‘lar evaziga kapital ta’mirlangan 37-umumiy o‘rta maktabidagi tadbirda ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tuman hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrigi"ni o‘qib eshittirdi hamda o‘quvchi va pedagoglarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan tabrikladi.
Shuningdek, tuman hokimi joriy yilda jami 40 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar evaziga tumandagi 14-, 16-, 33-, 37-, 42-maktablar mukammal ta’mirlangani, 13-, 15-, 18-, 30-maktablar mukammal ta’mirlanib, qo‘shimcha o‘quv bloklari qurilgani,17-maktabda faollar zali qurilganini alohida ta’kidlab,
— Bularning barchasi yurtimizda farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi, pedagoglarimizning esa sidqidildan faoliyat yuritib, o‘z ustilarida ishlab, yanada ulkan muvaffiqiyatlarga erishishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish uchun qilinmoqda,
— deya e’tirof etdi.
Jarayonda hokim tomonidan maktab kutubxonasi uchun kitoblar jamlanmasi, interaktiv doska sovg‘a qilinib, mahalla nuroniylari, keng jamoatchilik, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida ramziy lenatlar kesilib, yangilangan maktab bilan yaqindan tanishildi.
Maktabga ilk bor qadam qo‘ygan 82 nafar 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot uchun: bugun tumandagi 42 ta maktab, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 2 ta xususiy maktablarda 25 480 nafar o‘quvchilar yangi o‘quv yilini boshlashdi. Ularning 2714 nafari maktabga ilk bor qadam qo‘yayotgan jajji o‘g‘il-qizlar bo‘lsa, 1185 nafari 11-sinf bitiruvchilari.



