TOSHRABOT MARKAZIDA KATTA TANTANA
2026-08-31 14:00:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Qiziltepa tumani bo‘ylab barcha yirik hududlar markazida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram konsertlari tashkillashtirilmoqda.
Navbatdagi shunday tadbir Toshrabot hududi markazida o‘tkazildi va unda o‘n minglab aholi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tuman hokimi Bekzod Bobomurodov so‘zga chiqib, barchani bayram bilan tabriklab, so‘nggi 3 yil davomida ushbu hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berdi.
Jumladan, hududda
- 45 km. ichki yo‘llar asfaltlandi;
- 20 km. yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi;
- 52 km. elektr tarmoqlari yangilanib, 12 ta yangi transformatorlar o‘rnatildi;
- 6 km. piyodalar yo‘lagi qurildi;
- Malikobod mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etilishining ilk bosqichi doirasida 200 ta xonadonli 8 ta ko‘p qavatli uylar,
maktabgacha ta’lim tashkiloti va poliklinika qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek,
- 118 mlrd. so‘m mablag‘lar evaziga hududga tuman markazidan keluvchi Qiziltepa-Toshrabot yo‘lining 17 km. qismi to‘liq qaytadan qurildi.
- Shu yo‘lning ikki yoqasi hamda Toshrabot hududidagi turli manzillarda jami 153 gektar maydonda yashil makonlar yaratildi.
- Toshrabot sport maktabi qurildi.
- Hudud markazi qiyofasi tubdan yangilandi.
Tadbir davomida tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari chiqishlari, undan so‘ng xalqimizning sevimli san’atkori Bunyodbek Saidovning eng sara qo‘shiqlari barchaning bayram kayfiyatini yana ko‘tardi.
Tadbir so‘ngida Toshrabot osmoni uzra bayram mushakbozligi bo‘lib o‘tdi.



