AZIZOBOD MARKAZI BU OQSHOM O‘ZGACHA PORLADI
2026-08-22 23:00:00 / Yangiliklar

"Yangi O‘zbekiston qiyofasida mahalla"ga aylantirilgan Qiziltepa tumanidagi Azizobod mahallasi markazida bugun O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi katta tantanalar bilan nishonlandi.
Tadbir yangi qurilgan jamoat parki qoshida tashkil qilinib unda o‘n minglab qiziltepaliklar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida tuman hokimi Bekzod Bobomurodov va viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev so‘zga chiqib, hududdagi 4 ta mahalla: Azizobod, Zarmetan, Arabxona va Varozun mahallalarida so‘nggi 2 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berib, barchani bayram bilan qutlashdi.
Tadbir davomida tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari hamda elimiz suygan san’atkor Janob Rasulning chiqishlari barchaning bayram kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Umuman olganda, ushbu hudud aholisi joriy yilgi bayramni o‘zgacha kayfiyatda kutib olishmoqda. Chunki ushbu hududdagi Azizobod, Zarmetan, Arabxona va Varozun mahallalarida so‘nggi 2 yilda jami 72 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘lar evaziga ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Jumladan,
- 32 km. ichki yo‘llar asfaltlandi;
- 37,8 km. yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi;
- 55,2 km. elektr tarmoqlari yangilanib, 18 ta yangi transformatorlar o‘rnatildi;
- 16, 18, 42-umumiy o‘rta ta’lim maktablarining mavjud binolari mukammal ta’mirlandi. 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida esa mukammal ta’mirlash ishlari bilan birga 240 o‘rinli yangi o‘quv blogi qurildi;
- 19-oilaviy poliklinika to‘liq ta’mirlanib, qo‘shimcha blok qurildi.
2 km. piyodalar, velosipedchilar va nogironlar uchun maxsus yo‘lak qurildi;
- Azizobod va Zarmetan mahallarida 24/7 ko‘chalar, stellalar bunyod etildi.
Hudud markazida aholi maroqli dam olishi uchun jamoat parki, bolalar maydonchasi, vorkaut maydonlari tashkil qilindi.
- "Azizobod" dehqon bozori to‘liqligicha yangilanib, qo‘shimcha rastalar qurildi;
- Azizobod mahallasi “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla”ga aylantirildi.
Umuman olganda, hududdagi to‘rttala mahallaga ham hayotning yangi sifati, Yangi O‘zbekiston nafasi kirib keldi.



