TADBIRKORLAR BILAN UCHRASHUV VA OCHIQ MULOQOT
2026-06-17 14:00:00 / Yangiliklar

Qiziltepa tumani hokimligida tuman hokimi Bekzod Bobomurodov, Biznes ombudsman bosh inspektori Bekzod Mirzayev, tuman prokurori, Ichki ishlar bo‘limi hamda Davlat soliq inspeksiyasi rahbarlari va boshqa mas’ullar ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududdagi tadbirkorlik sub’yektlarini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish, ularning faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot avvalida ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 maydagi “Kichik biznes sub’yektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi PF–100-sonli Farmoni mazmun-mohiyati yetkazilib, Farmon bilan belgilangan yangi imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan yer ajratish, kredit mablag‘lari, infratuzilma bilan bog‘liq masalalar, elektr energiyasi ta’minoti, soliq tizimi hamda boshqa yo‘nalishlarda murojaatlar va takliflar bildirildi.
Har bir tadbirkorning murojaati mutasaddi rahbarlar ishtirokida batafsil ko‘rib chiqilib, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar belgilandi. Aksariyat masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar nazoratga olindi.

