QIZILTEPANING YANGI DARVOZASI BARPO ETILMOQDA
2026-05-24 12:00:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Normat Tursunov Qiziltepa tumaniga Karmana yo‘nalishi tomondan kirish qismida, M-37 xalqaro magistral yo‘li yoqasida barpo etilayotgan yangi stella qurilishi jarayonlari bilan tanishdi.
Hududning mavjud qiyofasini yanada zamonaviy va ko‘rkam tusga keltirish maqsadida bu yerda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Qiziltepa tumani” yozuvi tushirilgan muhtasham stella hamda otlar kompozisiyasi atrofida milliy qadriyatlar, yurtimiz taraqqiyoti va zamonaviy me’morchilik uyg‘unligini aks ettiruvchi arxitekturaviy yechimlar joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Viloyat rahbari mas’ullar bilan muloqot davomida yo‘l yoqalarini keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish, hududni yanada jozibador va zamonaviy qiyofaga keltirish, mahalliy aholi hamda xorijiy mehmonlarda iliq taassurot uyg‘otadigan muhit yaratish muhimligini ta’kidladi.

