Korrupsiya — taraqqiyotga to‘siq: tumanda rahbarlar ishtirokida muhim muhokama o‘tkazildi
2026-09-23 21:05:00 / Yangiliklar

Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov va tuman rahbarlari boshchiligida tuman hududidagi barcha korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida korrupsiyaning oldini olish, unga olib keluvchi omillarni bartaraf etish hamda mansabdor shaxslarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda korrupsiya — nafaqat qonunbuzarlik, balki davlat tashkilotlariga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadigan, fuqarolarning huquq va manfaatlariga zarar keltiradigan jiddiy illat ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tumanda ilgari sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkon yaratgan omillar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi. Har bir rahbar o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi murosasiz yondashuvni ta’minlashi, tizimdagi bo‘shliqlar va nazoratdagi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida korrupsiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi, xizmat vakolatlaridan noto‘g‘ri foydalanish, qonun talablariga rioya etmaslik va nazoratning sustligi kabi omillarga alohida e’tibor qaratildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir rahbar va mansabdor shaxsning kundalik mas’uliyati ekanligi ta'kidlab o'tildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilib, ijro va nazoratni kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.






